19:14 / 20.09.2020
58851
Ayolni xo‘rlash qonimizda bormi?

Real hayotda kaltaklanish odatiy holat

Foto: PA Wire / TASS

“2011 yilda turmush qurdim. Kelajak hayotim qiyinchilik va muhtojlikda o‘tishini bilsam-da, o‘zim istamagan insonga turmushga chiqdim. Unda zarracha ko‘nglim bo‘lmagan. Erimning ota-onasi ancha yillar oldin vafot etishgan. To‘y qilishga puli bo‘lmagani uchun unashtiruvimizdan keyin besh yil o‘tib ketdi.  

To‘yning ertasi kunidan azobli kunlarim boshlandi. Erim mast holatda kelib, hech bir sababsiz meni do‘pposlay ketdi. Bu holat bora-bora odatga aylanib qoldi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonimda men va erimdan tashqari ovsinim va ikki qaynog‘am ham yashardi. Erim menga uylanishidan oldin ham ko‘p ichardi. Jigarlari uni bu yo‘ldan qaytarish uchun astoydil harakat qilishmagan. Doim mast bo‘lib, kechalari ko‘chada qolib ketavergani, qo‘ni-qo‘shnilar oldida ularni izza qilgani uchun ham aka-ukalari uni unchalik xushlamasdi”.

(Ozoda Eshqobilova, 33 yosh)

“Erim ichib kelgan vaqtlarida meni uravergani o‘z asoratini ko‘rsata boshladi, sog‘ligim yomonlashdi. Bir oy to‘shakka mixlanib qoldim. Davolanishimgayam ko‘p xarajat ketib qoldi. Erim muolaja pullarini to‘lash u yoqda tursin, shifoxonaga borib, hol-ahvol so‘rashga ham yaramadi. Hamma xarajatlarni o‘g‘lim ishlab to‘ladi, yetmaganiga qarz oldik. Qarzlarni ham to‘lash, yashash sharoitimizni yaxshilab olish uchun o‘g‘lim Rossiyaga ketishga qaror qildi...

(Aziza G‘aniyeva, 47 yosh)

Yuqoridagi holatlar har kuni (balki har soatda) o‘zbek ayollari bilan sodir bo‘lyapti. Bu vaziyat mentalitetimizga singib, qorishib ketganidan odatiy holga, ayrim oilalarda turmush tarzining bir qismiga aylanib ulgurdi. Yangi hayot ostonasida turgan qizlarga ham gohida bo‘lajak er tomonidan, gohida bo‘lajak mushtlarga qarshi “immunitet” shakllantiriladi. Afsuski, bu holat o‘zbekona tarbiyaning bir bo‘lagi hisoblanadi.  

“Susambil” davlatida...

Ayol va uning go‘zalligi haqida minglab ash'orlar eshitganmiz. Ammo har to‘kisda bir ayb deganlaridek, “guruchda kurmaklar ham ko‘rinib qoladi”. Jamiyatda eng razil illatlardan biri ham ayollar manfaatini so‘nggi o‘rinlarga qo‘yishdir. “Maishiy zo‘ravonlik” atamasi bilan ifodalanuvchi bu tushuncha jamiyatning haqiqiy boshog‘rig‘i, desak mubolag‘a bo‘lmas. Masalan, Samarqanddagi 25 yoshli ayolning eri tomonidan ayovsiz kaltaklanishi videosi tarqalishi keng jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bunday holat yana qanchadan-qancha oilalarda ro‘y bermoqda.

Maishiy zo‘ravonlik faqat bizdamas, deyarli barcha davlatlarda bor. U xalqaro darajadagi muammoga aylangan. Ammo bizda bu masala shu paytgacha taqiqlangan mavzu bo‘lib kelgan. Ikkinchidan, “o‘zbekchilik” “uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmaslik”ka undagan.  

Yarashtirish instituti qoniqarli darajadami?

Oilalar ajralish arafasida, odatda, kattalar o‘rtaga aralashib ko‘rishadi. Foydasi bo‘lmagach, mahalla faollariga navbat keladi. Ularning bir oilani asrab qolishga urinishini to‘g‘ri  baholash kerak. Lekin masalaning ikkinchi tomoniyam bor: mahalla faollari, ko‘p hollarda  muammoni shaxsiy hayot tajribalaridan kelib chiqib baholashadi. Vaholanki, odamlar taqdiri, oilaviy sharoit, ajralish sabablari turlicha. Shunday bo‘lgandan keyin har bir masalaga o‘ziga xos yondashuv talab etiladi. Afsuski, barcha hollarda nima bo‘lsayam oilani asrab qolish uchun yarashtirishga urinishadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: ajrashmoqchi bo‘lgan barcha oilalarni yarashtirish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Bugun uyiga majburan qaytarib yuborilgan ayol ertaga yana turmush o‘rtog‘ining tazyiqiga uchramasligiga kim kafolat bera oladi? Unsiz taqdir egalarining keyingi hayotini kim o‘ylaydi? Mutasaddilar ajralish soni kamligi haqida “og‘iz ko‘pirtirib” gapirgandan ko‘ra har bir oilaga individual yondashsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Eng muhimi, yarashtirish instituti mohiyati mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi mas'ullar tomonidan to‘g‘ri talqin qilinishi kerak. Kerak bo‘lsa, “Oila” ilmiy-amaliy markazi tomonidan ularni o‘qitish ishlarini tashkillashtirish kerak.

“Maishiy zo‘ravonlikka aniq javobgarlik bo‘lishi kerak”

Huquqshunos Dilfuza Qurolova:

“Maishiy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payayotganligini ushbu holatga javobgarlikning yo‘qligida, deb o‘ylayman. Maishiy zo‘ravonlikka nisbatan javobgarlik na Ma'muriy, na Jinoiy kodeksga kiritilgan. Ushbu harakatga nisbatan javobgarlik belgilanishi kerak. Fuqaro maishiy zo‘ravonlikka nisbatan javobgarlik borligini bilsa, mutasaddilar tomonidan u bilan shunchaki "profilaktik suhbat" qilinmasa, balki, oilada zo‘ravonlik kamaygan bo‘larmidi. Jabr ko‘rgan tomon ham o‘zini himoyalangan sezsa, hammasi boshqacha bo‘ladi.

Maishiy zo‘ravonlik haqida ko‘proq gapirish va bu holat odatiy turmush tarzi emasligini ko‘rsatish kerak. Media olamiga bir nazar soling: ba'zida ijtimoiy tarmoq, TVda film va ko‘rsatuvlarda maishiy zo‘ravonlik odatiy, oilaviy jarayondek qabul qilinadi. Bu holat esa jamoatchilik fikri o‘zgarishi bilan bog‘liq.  

“Jar yoqasiga kelib qolgan” oilalarni mahalla faollari tomonidan yarashtirishga harakat qilishga urinishlar bo‘ladi. Fikrimcha, bunday holat hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Nima uchun? Chunki zo‘ravonlik qiluvchi shaxs nafaqat jabrdiydaning hayotiga, balki oilaning boshqa a'zolari va bolalarga ham tahdid soladi. Bunday vaziyatlarda mahalla instituti va IIV munosabatlar darz ketgan oilani asrab qolishga urinishi emas, balki jabr ko‘rganni zo‘ravon erdan qutqarishi kerak.

Xulosa

Mavzuni o‘rgana turib bizda “mahalla instituti faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadimikin” degan savol paydo bo‘ldi. Nazarimda, oilalarni asrab qolishga qilinayotgan harakatlarda muammoning oqibatlari bilan kurashilyapti. Sabablar bilan esa hech kimning ishi bo‘lmayapti.  

Agar bu mavzu ancha yillar oldin OAVda tez-tez yoritilib turganida, jamoatchilik nazorati shakllantirilganida edi, hozirgi ayanchli nuqtaga yetib bormagan bo‘larmidik.  

Atrofimizda “indolmas”lar soni o‘ylaganimizdan-da ko‘proq. Ular yuragidagi “olov”ni yoqish uchun ham bugundan harakat boshlashimiz kerak. Ularni e'zozlash, qadrlash haqida katta minbarlarda juda ko‘p gapiriladi, amaliy harakatlar qilinayotgani bo‘yicha soatlab gapiradigan mutasaddilar faqat quruq raqamlarga yopishmasdan, zangori ekranda aytgan gaplarini amalda ham bajarishsa, bu yo‘nalishda ham siljishlarga erishish mumkin.

Muhabbat Ma'mirova

Top