09:20 / 20.09.2020
51897

Bu qaror fuqarolarimiz xohish-istagi bilan qabul qilindi – Aziz Abduhakimov chegaralar ochilishi haqida

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 1 oktyabrdan O‘zbekistonga aviatsiya, temir yo‘l va avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishga taqiq bekor qilindi va xorij davlatlaridan O‘zbekistonga kirishning yangi tartibi e'lon qilindi. Kun.uz muxbiri yangi o‘zgarishlar bo‘yicha maxsus komissiya a'zosi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan suhbat uyushtirdi.

Bu qarorlar nima maqsadda qabul qilindi? Birgina xalqaro turizmni tiklash uchunmi?

Ma'lumki, mamlakatimizda avgust oyidan boshlab bosqichma-bosqich karantin cheklovlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Karantin cheklovlarini yumshatish bo‘yicha navbatdagi qarorda xalqaro qatnovlarning tiklanishi belgilanmoqda.

Bu qaror mamlakatimizdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda avvalo, fuqarolar uchun qulaylik, yengillik yaratishga qaratilgan. Chunki, karantin cheklovlari joriy qilinganidan buyon maxsus komissiyaga boshqa davlatlarga chiqish hamda O‘zbekistonga qaytib kirish masalasi bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Ushbu cheklov ko‘pchilikning oila bag‘riga qaytish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. Shu munosabat bilan ko‘p sonli fuqarolarimizning xohish-istagini inobatga olib ushbu qaror qabul qilindi. Endilikda fuqarolarimiz ish, o‘qish, davolanish, oilaviy yoki boshqa maqsadlarda mamlakatimizdan chiqishi va yana erkin qaytib kirib kelishi mumkin bo‘ladi.

Qolaversa, ushbu qaror hozirgi turizm uchun og‘ir sinov bo‘lgan pandemiya davrida turizmni, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi turistik tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham zarur shart-sharoit yaratishini ham inobatga olishimiz zarur.

Shuningdek, hozirgi vaqtda dunyoning bir qator davlatlari xalqaro aviaqatnovlarni tiklamoqda. Masalan, Rossiya 21 sentyabrdan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarus, 27 sentyabrdan Janubiy Koreya bilan parvozlarni tiklamoqda. Qozog‘iston esa BAA, Germaniya, Xitoy, Belarus, Ukraina, Misr, Turkiya, O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar bilan qatnovlarni tiklagan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda xalqaro qatnovlarning tiklanishi munosabati bilan kirib kelayotgan shaxslarning sanitariya-karantin cheklovlariga rioya etish bo‘yicha majburiyatlari ham aniq belgilanmoqda. Xususan, davlat chegaralaridan o‘tish punktlarida, xalqaro aeroport hamda vokzallarda mamlakatimizga «sariq» va «qizil» davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni koronavirus infeksiyasiga ekspress-test yoki PZR test yoxud antigen tekshiruvlaridan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Chegaralar ochiq bo‘lishi qancha vaqtga mo‘ljallangan? Sog‘liqni saqlash tizimi chegaralar ochilgach xorijdan keluvchilar oqimiga, demakki, ehtimoliy bemorlar soni ham keskin oshishiga tayyormi?

— Chegaralar ochiq bo‘lishi muddati mamlakatimizdagi va xalqaro hamjamiyatdagi epidemiologik vaziyat bilan chambarchas bog‘liq. Hozircha, chegaralarni yopish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalashtirilmagan. Biroq, agarda xorijiy davlatlarda yoki O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat murakkablasha boshlasa, chegaralar qayta yopilishi mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va epidemiyaning ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari doirasida Toshkent shahar va Toshkent viloyatlarida qo‘shimcha ravishda 8 mingga yaqin maxsus shifo o‘rinlari tashkil etilgan. Har bir hududda mavjud shifo o‘rinlariga qo‘shimcha ravishda 500dan 1000tagacha o‘rin tayyorlangan. O‘rinlarda kislorod ta'minoti va tibbiy uskunalar mavjud. Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan zaxira o‘rinlar va dori-darmonlar tayyorlash jarayoni davom etmoqda.

Turistlarga testning manfiy natijasi evaziga 14 kunlik karantinni o‘tamaslikka ruxsat berilgan. Xorijdan keluvchi O‘zbekiston fuqarolari esa, 14 kun karantinda o‘tirishga majbur. Buni qanday izohlash mumkin?

Ushbu tartibni joriy etish orqali turistlarga yengillik berishda asosiy mas'uliyat turistik firmalar zimmasiga yuklanmoqda. Birinchidan, turistik firmalar turizm sayohatlarini amalga oshirishdan avval turistlar PZR test tekshiruvidan o‘tkazilishini ta'minlaydi hamda faqatgina PZR test tekshiruvi natijasi manfiy bo‘lgan xorijiy fuqarolargagina turistik paketni realizatsiya qiladi. Bunda barcha jarayon turistik firmaning nazorati ostida bo‘ladi hamda O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini yuqtirmagan shaxslar tashrif buyurishi ta'minlanadi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vaqtida koronavirus infeksiyasining alomatlari (yo‘tal, isitma va b.q.) mavjud bo‘lganda turist o‘tkazish punkti (aeroport, vokzal yoki boshqa) hududida o‘z hisobidan koronavirus infeksiyasiga ekspress-test yoki PZR test yoxud antigen tekshiruvidan o‘tish uchun namuna topshiradi, bunda test natijalari musbat chiqadigan bo‘lsa o‘z hisobidan karantinga olinib davolanishdan o‘tadi yoxud o‘z mamlakatiga qaytadi.

Uchinchidan, turistlarning mamlakatimiz hududida bo‘lishi, harakatlanishi ham turistik firma tomonidan tashkillashtiriladi. Ya'ni, mazkur yengillik faqatgina turistik guruhlarga (5 kishidan kam va 15 kishidan ortiq bo‘lmagan va turli kasalliklar, jumladan, Covid-19 qamrab oladigan to‘liq sug‘urtasi bo‘lgan) tatbiq etiladi. Ular O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng, ularning dam olishi, tarixiy va madaniy obektlarga tashrif buyurishi va boshqa harakatlarini turistik firmalar karantin cheklovlari va sanitariya talablariga rioya etgan holda tashkillashtiradilar.

O‘zbekiston bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘onistondan keluvchilar ham 14 kunlik karantinga yuboriladi. Qirg‘iziston qanday asosga ko‘ra istisno qilingan?

— Qirg‘iziston ushbu ro‘yxatdan istisno qilinmagan, balki Maxsus komissiyaning oldingi qarori bilan Qirg‘iziston bilan chegaralar ochilgan edi. Qirg‘izistonga kirish va chiqish ham belgilangan karantin cheklovlari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etgan holda erkin amalga oshiriladi.

Komissiya qarorida keltirilgan «yashil», «sariq» va «qizil» davlatlar ro‘yxati yangilab boriladimi?

— «Yashil «sariq» va «qizil» davlatlar ro‘yxati doimiy ravishda monitoring qilib boriladi hamda xorijiy davlatlardagi sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, mazkur ro‘yxat doimiy ravishda yangilab boriladi. Bunda ro‘yxatdagi har bir o‘zgarish haqida keng jamoatchilik ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali xabardor qilinadi.

Hozirda Xitoy, Tailand, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Finlyandiya, Latviya, Avstriya va Yaponiya «yashil» davlatlar hisoblanib, so‘nggi 14 kun davomida bu davlatlarda bo‘lib turgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi. Ozarboyjon, Belarus, BAA va Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno) «sariq» davlatlar hisoblanadi, dunyoning qolgan barcha davlatlari «qizil» davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan, bunday hududlardan kirib kelayotgan shaxslar – so‘nggi 72 soat davomidagi koronavirus infeksiyasiga PZR test tekshiruvining manfiy natijalari to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim etgan holda O‘zbekiston hududiga kiritiladi.

Cheklovlarni yumshatish yana davom ettiriladimi? Keyingi qadamlar qanday bo‘lishi mumkin?

Karantin cheklovlarini yumshatish yoki aksincha qaysidir cheklovlarni qayta tiklash bu mamlakatdagi yoki muayyan hududdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda hal etiladi.

So‘nggi ikki oy ichida Maxsus komissiyaning qarori bilan joriy etilgan harakatlanish, tadbirkorlik faoliyati, O‘zbekistonga kirish-chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan va boshqa karantin cheklovlari deyarli to‘liq bekor qilindi. Karantin cheklovlarini yanada yumshatish masalasi bo‘yicha har qanday qaror sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top