10:21 / 20.09.2020
30473
Ikkinchi tomonning javobi kutilmoqda – Aziz Abduhakimov Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha muzokaralar haqida

Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika maxsus komissiyasi a'zosi Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha muzokaralar haqida gapirdi.

«Rossiya Federatsiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi hamda Aviatsiya hukumatlari bilan bir necha bor muzokaralar olib bordi. Biroq Rossiya Federatsiyasining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Maxsus komissiyasi ushbu taklifni rad etdi. Rossiya Federatsiyasi Maxsus komissiyasi bu holatni xorijdan kirib keluvchi yo‘lovchilar hajmi ko‘payishi oqibatida mamlakatda epidemiologik holat izdan chiqishi mumkinligi bilan izohladi.

Shunga qaramasdan Rossiya aviatsiya hukumati hamda Rossiya Transport vazirligi O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan yuborilgan murojaatnoma asosida Rossiya Maxsus komissiyasiga taqdimnoma kiritdi. Hozirda Rossiya Maxsus komissiyasining qarori kutilmoqda», degan u.

Kuz mavsumi kirib kelgani hamda havo harorati pasayib borayotganini inobatga olgan holda Rossiyada qolgan o‘zbekistonliklar mamlakatga olib kelinishini tezlashtirish maqsadida muntazam aviaqatnovlar tiklanguniga qadar Respublika maxsus komissiyasi topshirig‘iga binoan Transport vazirligi tomonidan Rossiya shaharlariga bo‘lgan charter aviaqatnovlari soni oshirilgan.

Xususan:

  • Toshkent-Moskva yo‘nalishi kuniga 2 marta;
  • Toshkent-Sankt-Peterburg yo‘nalishi kuniga 1 marta;
  • Toshkent-Rostov yo‘nalishi haftasiga 3 marta;
  • Toshkent-Samara yo‘nalishi haftasiga 2 marta;
  • Toshkent-Novosibirsk yo‘nalishi haftasiga 1 martadan;
  • Toshkent-Vladivostok yo‘nalishi haftasiga 1 martadan;
  • Toshkent-Qozon yo‘nalishi haftasiga 1 martadan;
  • Toshkent-Yekaterinburg yo‘nalishida 2 haftada 1 martadan.

Bundan tashqari, fuqarolar olib kelinishi uchun birgina sentabr oyining o‘zida Rossiyaning bir necha aviakompaniyalariga ular yuborgan so‘rovnomalar asosida mamlakatning barcha aeroportlariga 80dan ortiq charter aviaqatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan.

«Hozirda RF bilan Qozog‘iston chegara hududida to‘planib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun charter poyezd qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, Qozog‘istonning RF bilan chegaradosh hududlardagi fuqarolarimizni olib kelish bo‘yicha charter avtobus qatnovlarini amalga oshirishga kelishib olindi», degan Aziz Abduhakimov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top