13:59 / 21.09.2020
5267

22 sentabr – jahon miqyosida avtomobilsiz kun. Aziz Abduhakimov barchani ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Ertaga – 22 sentabr kuni jahon miqyosida avtomobilsiz kun sifatida belgilangan. Ma'lumotlarga ko‘ra, aksiyada dunyoning 1500dan ortiq shaharlarida yashovchi 100 milliondan ziyod aholi ishtirok etadi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ushbu sana oldidan murojaat bilan chiqib, o‘zbekistonliklarni ham mazkur global tashabbusda faollikka chorladi.

«Avtomobilsiz kun g‘oyasi 1995 yilda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan va qisqa muddatda butun dunyoda keng ommalashgan. 2000 yildan beri 22 sentyabr jahonda avtomobilsiz kun sifatida nishonlanadi.

Shu kuni avtomobil haydovchilari shaxsiy transport vositalaridan kamida bir kun foydalanishmaydi, ba'zi shaharlar va mamlakatlarda piyoda yurish, velosiped haydash, jamoat transportidan foydalanish, shuningdek, ish va dam olish joylariga piyoda borish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi maxsus aksiyalar ham tashkil qilinadi.

Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – eng avvalo, avtomobillardan chiqayotgan turli zaharli gazlar orqali atmosferaning zaharlanishini kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shish, qolaversa piyoda yurish va velosipedda sayr qilishni keng targ‘ib etishdan iborat. Bu esa aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish yo‘lida xizmat qiladi.

Men ham sizlarni ushbu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, shu kunni avtomobilsiz o‘tkazishga harakat qilishga chorlab qolaman!» – deb yozdi Aziz Abduhakimov Facebook'dagi sahifasida.

Top