09:02 / 21.09.2020
5070
Toshkent viloyatida 5 kilogramm marixuana aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 9 sentabr kuni 14:00da Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Tadbir jarayonida, tumanning Mustaqillik mahallasi hududidan o‘tgan Avangard-O‘rtasaroy avtomobil yo‘lida 21 yoshli J.S. o‘zi bilan olib kelgan qora rangli polietilen paketga solib qadoqlangan o‘tkir hidli o‘simlikni 2 200 000 so‘mga sotgan vaqtida ushlangan va mazkur o‘simlik hamda J.S.dan 2 200 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sudga oid kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro J.S.dan olingan o‘simlik tarkibida tetrogidrokannabinol aktiv giyohvandlik moddasi bo‘lgan ho‘l holatdagi vazni 5 kg. 053 gramm marixuana o‘simligi ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘rta Chirchiq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan J.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan (Giyohvandlik vositalari ko‘p miqdorda o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda sotish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida J.S. ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top