11:37 / 21.09.2020
7840
Trampga zaharli modda jo‘natishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi

Kanada va AQSh chegarasida AQSh prezidenti Donald Trampga ritsin zaharli moddasi solingan maktub jo‘natishda gumon qilingan shaxs ushlandi. Avvalroq maktub Kanadadan jo‘natilgani va bunda bir ayol gumon qilinayotgani ma'lum qilingandi.   

Ayol Kanadadan AQShga kirish vaqtida qo‘lga olingan. Ta'kidlanishicha, u qurollangan bo‘lgan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan. 

19 sentyabrda CNN telekanali ikkita manbaga tayanib Trampga zaharli modda solingan maktub jo‘natilgani haqida ma'lum qilgandi. Maktub ichida o‘ta xavfli ritsin moddasi bo‘lgan. Keyinroq FQB zaharli jo‘natma ushlab qolinganini tasdiqlagan.   

Bu AQSh siyosatchilariga ritsin moddasi solingan jo‘natmaning birinchi marta yuborilishi emas. 2013 yilda Bostondagi teraktdan keyin AQShning o‘shandagi prezidenti Barak Obamaga, respublikachi senator Rojyer Uiker va Missisipi shtati sudyasi Seydi Xollandga ritsin solingan maktublar jo‘natilgan.

Ritsin o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli zaharli modda hisoblanib, u kanakunjut mevalaridan olinadi. 

Top