15:13 / 22.09.2020
19472
Andijonda investor o‘zi qurgan bozordan foydalana olmayapti. Bu huquq bankrot bo‘lgan MChJga berilgan

Otang bozor, onang bozor, degan gap bor. Inson hayoti bozor bilan uzviy bog‘liq. Oziq-ovqat bozori, kiyim-kechak bozori... turlari ko‘p. Bozor sotuvchi va xaridorlarga qanchalik qulay bo‘lsa, u yerdan foydalanuvchilar soni ham ortadi, tushumlar ham ko‘payadi. Ammo mahalliy hokimiyat idoralarida qaror chiqarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, sud qarorlariga e'tiborsizlik, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdagi chalkashliklar bozor qurgan tadbirkorlarning sudma-sud yurishiga sabab bo‘lmoqda.

– Bozorni qurdirishdi, bitganidan so‘ng, foydalanishni boshqa tashkilotga topshirdi. U tashkilot bankrot deb topilgan edi...

– Ularning qaroridagi «doimiy foydalanish bilan» degan qismi noto‘g‘ri bo‘lgan, qolaversa, bozordan foydalanish uchun davlat ulushi kamida 51 foiz bo‘lishi kerak...

Yuqoridagi gaplar Andijon shahrida yirik bozor qurgan tadbirkor va shahar hokimligi yurist-konsultining izohlaridan. Biz vodiy viloyatlariga safarimiz chog‘ida ushbu muammoli holat yuzasidan ham o‘rganish o‘tkazdik.

Dastavval Andijon shahar aylanma halqa yo‘li bo‘yida, Yorboshi ko‘chasida barpo qilingan bozor haqida. Muammo nimadaligi haqida ushbu bozorni qurish uchun bir necha milliard so‘m mablag‘ sarflagan investor «Hamkor Trans Baraka» MChJ yuristi Davronbek Soliyevga quloq tutamiz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yil 25 avgustda Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev 918-qarorni imzolagan. Unda «Hamkor Trans Baraka» MChJga Yorboshi ko‘chasi 4-manzilda joylashgan yer maydonlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan savdo qiluvchi turg‘un savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ma'muriy bino, omborxonalar, sovutgich omborxonalari va yordamchi bino-inshootlari bo‘lgan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» qurishga ruxsat beriladi.

«Hamkor Trans Baraka» MChJ yuristi Davronbek Soliyev

Ayni qaror bilan shahar hokimligining 2018 yil 22 fevraldagi 169-son, 2018 yil 6 apreldagi 402-sonli qarorlari bekor qilinadi.

«Ushbu yerda bozor qurish qarori bizga qadar 2ta tashkilotga berilgan bo‘lsa-da, ikkisida ham moliyaviy imkoniyati bo‘lmagani bois, pul tikmagan. Shu sababli hokimlik bizga murojaat qilib, salohiyatli tadbirkorligimizni qayd qilgan holda bozorni qurib berish orqali prezidentning 2017 yil 27 martdagi PQ-2853-sonli qarori ijrosini ta'minlashda yordam berishni so‘radi», – deydi Davronbek Soliyev.

Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, Qurilish vazirligidan 2018 yil noyabrda olingan 1451-18-son ruxsatnoma asosida barpo qilingan bozordagi bino va inshootlar 2019 yil 15 oktyabrda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali foydalanishga qabul qilingan. 2020 yil 9 iyunda bozor joylashgan 4,7 gektarlik yer maydoniga doimiy foydalanish huquqi «Hamkor Trans Baraka» MChJ nomiga rasmiylashtiriladi.

Tadbirkor bozorni qurganidan so‘ng, tabiiyki, bozorni ishlatish lozim. Biroq, undan foydalanishni yo‘lga qo‘yish vazifasi «Hamkor Trans Baraka»ga emas, boshqa bir MChJga, aniqrog‘i Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan bankrot deb topilgan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori»ga berildi. Bu esa investor va hokimlik o‘rtasidagi kelishmovchilikni keltirib chiqardi.

Bankrot bo‘lgan korxonaning hamon noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 9 iyuldagi hal qiluv qarorida ham qayd etilgan.

Ushbu sudda uchinchi shaxs sifatida ishtirok etgan Andijon shahar DSI boshlig‘i o‘rinbosari A.Karimovga ko‘ra, «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ bankrot deb e'tirof etilgan, jamiyatga nisbatan tugatish ishlari olib borilgan. Qolaversa, MChJ soliq to‘lovchi emas, nizoli obektda to‘lov pattalarini yig‘ib faoliyat yuritishi noqonuniy, nizoli mulkning barcha soliqlari va majburiy to‘lovlarini «Hamkor Trans Baraka» MChJ amalga oshirib kelmoqda.

Aynan shu narsa bozorni qurgan tadbirkorda savollar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

«Sud qarorida amalda faoliyat ko‘rsatmasligi ta'kidlanmoqda, biroq biz qurgan bino-inshootlardan foydalanib, tushumlar, patta to‘lovlari va boshqa yig‘imlarni yig‘moqda. Hokimlik bozordan foydalanishni shu firmaga topshirishni aytmoqda. Savol tug‘ilmoqda: nima uchun ularga topshirishimiz kerak? Chunki bozor qurilayotganda hech kim kelib xabar olmagan. Tayyor qurib bitkazganimizdan keyin shu gaplar, muammolar paydo bo‘lib, yangi ega chiqyapti», – deydi Davronbek Soliyev.

Tadbirkor vakilining so‘zlarida jon bor: axir, Andijon shahar hokimining 2018 yil 25 avgustdagi 918-sonli qarorida yer maydoni tadbirkorga «doimiy foydalanish huquqi» bilan berilishi qayd etilgan-da.

Bundan tashqari, MChJ hokimlikka murojaat qilib, bozorni yuritish ularga taqdim qilinsa, hozirgi firma davlat g‘aznasiga qancha mablag‘ tushirayotgan bo‘lsa, undan ikki karra mablag‘ topshira olishini bildirgan.

16 mlrd so‘m evaziga qurilgan bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, loyihaning qolgan qismini qurish ishlari to‘xtab qolgani oqibatida bozorning yarmidan ortiq maydonidagi sanitar-gigiyenik ahvol yomonligi ham bor gap. Bu yer haftaning payshanba va yakshanba kunlari odamlar bilan gavjum bo‘lib, birov-birovni tanimaydi. Shu kunlari bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan ijtimoiy masofa haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Xo‘sh, tadbirkor shuncha ishni qilibdi, yana davom ettirish istagida, hokimlik nima uchun bankrot deb topilgan, hatto ma'muriy binosi bo‘lmagan firmaga bozor boshqaruvini taqdim etdi? Mazkur muammo yuzasidan hokimlik nuqtayi nazari qanday?

Mavzuga doir savollar bilan Andijon shahar hokimligi bosh yurist-konsulti Muftohiddin Rahmonovga murojaat qildik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlikning bozordan foydalanishni aynan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori»ga berishining o‘z sababi bor.

Birinchidan, 4,7 gektar yer maydonini bozor qurish uchun ajratib berishga asos bo‘lgan va «Hamkor Trans Baraka» MChJ tomonidan 2018 yil 17 avgustda taqdim etilgan kafolat xatida ««Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJga biriktirilgan 4,7 gektar maydonda bino-inshootlar qurib bitkazilganidan so‘ng, yer maydoni bozor tasarrufida qolishini kafolatlashi» ta'kidlangan.

«Ya'ni yer maydonini qaytarib berish sharti bilan bino-inshootlarni qurib bitkazaman, degan», – deydi Muftohiddin Rahmonov.

«Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ hamda «NBU Bunyodkor Invest» MChJ bozor qurish vazifasini bajara olmagach, bozorni qurish «Hamkor Trans Baraka» MChJga topshirilgan. Men ushbu hujjatlarni sinchiklab o‘rganib chiqdim. Shahar hokimining qaroridan boshqa birorta qarorosti hujjatlarda yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan berilishi qayd etilmagan», – deydi hokimlik bosh yurist-konsulti.

Uning aytishicha, ayni shu narsa hokimlik va tadbirkor o‘rtasidagi nizoga sabab bo‘lmoqda. Shahar hokimligi qaroridagi ayni xatoni tuzatish maqsadida 2020 yil 22 iyulda 330Q-sonli qaror qabul qilingan.

Hujjatlardagi anglashilmovchilikning yana biri shuki, Andijon shahar hokimining 918-son qaroriga asos bo‘lgan hujjat – Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning o‘z kuchini yo‘qotganidir. Ya'ni shahar hokimi qarori Vazirlar Mahkamasi qarori o‘z kuchini yo‘qotganidan so‘ng, 2018 yil 25 avgustda chiqarilgan.

Rahmonovga ko‘ra, «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ 2015 yil 23 sentyabrda viloyat Adliya boshqarmasi 70-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Jamiyat nizom jamg‘armasi 899 868 620 so‘m deb belgilangan, bunda shahar hokimligi ulushi 70,5 foizni tashkil etgan. Buni Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi taqdim etgan ma'lumotnoma ham tasdiqlaydi. Bozorning manzili sifatida Yorboshi ko‘chasi 4-manzil ko‘rsatilgan.

Ammo bizda savol tug‘iladi: Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ bankrot deb topilgani qayoqda qoldi? Bu korxona kasodga uchraganmi yoki yo‘qmi? Kasodga uchragan bo‘lsa, qayta tashkil etilishi kerak emasmidi? Axir korxona 2015 yilda tashkil etilganidan keyin bankrot deb topilmaganmidi?

Hokimlik bosh yurist-konsultining aytishicha, tadbirkorga bir necha takliflar bildirilgan. Ya'ni bino-inshootlar bilan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ tarkibiga kirish so‘ralgan.

«Biroq, – deydi M.Rahmonov, – «Hamkor Trans Baraka» bu taklifni rad etmoqda. Qonunchilik bo‘yicha bozorlarda davlat ulushi kamida 51 foiz bo‘lishi kerak bo‘lsa, qolgan 49 foiz ulush ularga berilishini talab qilmoqda. Hokimlik qurgan bino-inshootlarni baholatgan holda mavjud «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori» MChJ tarkibiga kirishi kerakligini so‘ramoqdamiz».

Xullas, muammoning qisqacha mazmuni shu. Bir qarashda juda osonlik bilan hal etish mumkin bo‘lgan kelishmovchilik, faqat oltin o‘rtalikni topishga ikki tomonda ham istak topilsa kifoya. Qabul qilingan ayrim hujjatlarni o‘zaro anglashgan holda tuzatib, mavjud muammoni sudni aralashtirmasdan ham hal qilsa bo‘ladi.

Ammo ikki tomonning oyoq tirab olishi, hokimlikning hech kim qurmagan vaqtda, o‘z yonidan pul sarflab, kredit olib prezident qarori ijrosini ta'minlashda yordam bergan tadbirkorga yonbosishni xohlamasligi ortidan ikki tomon sarson.

O‘rtada kim-kim – bankrot deb topilgan boshqa bir korxona huzur qilmoqda.

Kasodga uchragan korxonaning bozorda patta pullarini yig‘ishi, soliq yoki boshqa nazorat qiluvchi idoralarning bunga yo‘l qo‘yib berishining biz bilmagan boshqa sabablari bordir, kim bilsin?!

P.S.: Bugungi kunda ushbu ish bo‘yicha sud eshituvlari davom etmoqda. Unda goh investorning, gohida tadbirkorning qo‘li baland kelib turibdi. Yuqorida aytganimizdek, bundan faqat kasodga uchragan firma yutmoqda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top