12:00 / 22.09.2020
11593

AQSh prezidentlik saylovlari: bahslar, iddaolar va javobsiz qolayotgan savollar

AQSh prezidenti Donald Tramp yil boshida juda yuqori kayfiyatda 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Zotan, Respublikachilar partiyasidagi mustahkam pozitsiyasi, impichment jarayonidan eson-omon o‘tib olgani, Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzod ko‘rsatishda qiyinchilikka duch kelgani va AQSh iqtisodiyotining muvaffaqiyatli ko‘rsatkichlari kabi bir qator omillar bunga imkon berayotgandi. Ammo butun dunyoni qamrab olgan Covid-19 epidemiyasi kutilmaganda Trampning saylovga oid rejalarini ostin-ustun qilib yubordi. Bu jarayonda esa hatto demokratlarning bir qismi tomonidan ham qabul qilinmagan Jo Baydenning saylovoldi umidlari ortdi.

Bir necha oy davom etgan va ko‘plab shaharlarni ishg‘ol qilgan namoyishlar mavhumlikni yanada kuchaytirdi. Amerika jamiyati har qachongidan ko‘ra keskin ravishda qutblashdi. Saylov poygasi natijalarini taxmin qilish ancha qiyinlashdi. Bularning barchasiga qo‘shimcha ravishda, pochta orqali ovoz berish kabi omillar tufayli saylov natijalarining uzoq vaqtgacha aniq bo‘lmaslik ehtimoli yuzaga keldi.

Endilikda saylov natijalari raqobatchi partiyalar tomonidan e'tirozsiz qabul qilinishiga ham hech kim amin emas. Donald Tramp hozirdanoq saylov natijalarini tan olmasligi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Shunday qilib, AQSh inqirozga yetaklashi mumkin bo‘lgan saylov sari yo‘l olmoqda.

Demokratik partiyada mafkuraviy ajralish davom etmoqda
Prezidentlik sayloviga ikki oy muddat qolgan bir vaziyatda sobiq vitse-prezident, Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden asosiy bahsli shtatlarda ham Trampdan oldinda bormoqda. Garchi so‘rovnomalar avvalgi saylovda ham Hillari Klintonning oldinda borganini ko‘rsatgani, yakunda esa u Trampga mag‘lub bo‘lgani so‘rovnomalarning ishonchliligini shubha ostiga qo‘yayotgan bo‘lsa-da, e'tirof etish lozimki, Jo Bayden yil boshidan beri ancha olg‘a ilgariladi.

Shunga qaramay, Demokratik partiyada shu paytgacha o‘tkazilgan bahslarda mo‘'tadillar va taraqqiyparvarlar o‘rtasidagi mafkuraviy ajralish davom etmoqda. Bu nomzodlarni tanlash jarayonida ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Taraqqiyparvarlar mo‘'tadillarni yetarlicha katta va'dalar bermaslikda, mo‘'tadillar esa ularni bajara olmaydigan va'dalar berishda ayblamoqda. Ikkala guruhning yondashuvi ham, aslida, demokratlar uchun xavf tug‘diradi.

Birinchi xavf o‘ta so‘lchi ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish orqali Amerika xalqining aksariyat qismini tashkil etadigan mo‘'tadil odamlarni jalb qila olmaslikdir. Ikkinchi xavf esa yetarlicha ilg‘or bo‘lmagan strategiyani tanlash natijasida demokratik bazani rozi qila olmaslikdir. Demokratik partiya rahbarlari hali-beri ushbu xavflardan qaysi biri kattaroq ekanini hal qila olishmaydiganga o‘xshaydi.

Masalan, ikki saylovdan beri Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodlik da'vosini so‘nggi paytgacha saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan ilg‘or senator Berni Sanders Jo Baydenning saylov kampaniyasidan xavotirdaligini bildirmoqda. Uning fikriga ko‘ra, Bayden sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rejalar haqida ko‘proq so‘z yuritishi va yosh liberallar orasida mashhur bo‘lgan Aleksandriya Okasio-Kortes kabi ismlar bilan ko‘proq tashviqot olib borishi lozim. Agar u doimiy ravishda o‘rta yo‘lni topishga urinishdan voz kechib, Demokratik partiyaning ilg‘or qanotini ishontiradigan uslubni qabul qilmasa, yoshlar, afroamerikaliklar va kelib chiqishiga ko‘ra Lotin Amerikasiga mansub bo‘lgan guruhlar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmasligi mumkin.

Bayden yanada mo‘'tadil strategiyani amalga oshirishga harakat qilmoqda va partiyaning ilg‘or qanoti unga muttasil bosim o‘tkazmoqda. Masalan, u demokratlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Vakillar Palatasida marixuanadan federal darajada foydalanishni qonuniylashtirish uchun ovoz bermoqchi. Ammo mo‘'tadillar saylov oldidan tashlanadigan bunday qadam Baydenning saylanish imkoniyatiga ta'sir qilishi mumkinligini aytishmoqda.

Tramp muammolar bilan kurashmoqda
Yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, hammasi yaxshi ketayotganday edi. Ammo kutilmaganda paydo bo‘lgan Covid-19 epidemiyasining halokatli ta'siri Donald Trampni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Epidemiya sababli millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi. Taxminan 200 ming kishi vafot etdi. Epidemiyaga qarshi kurashda yuzaga kelgan jiddiy muvaffaqiyatsizlik davlat va xususiy sektor imkoniyatlariga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Jorj Floydning politsiya tomonidan o‘ldirilishi bilan boshlangan va bir necha oy davom etgan namoyishlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tinch aholini va hattoki matbuot vakillarini nishonga olgan politsiya davlat qanchalar shafqatsiz bo‘lib qolganini ko‘rsatib qo‘ydi. Namoyishlar vaqtida sodir bo‘lgan talon-torojliklar va o‘g‘riliklar esa ijtimoiy tanazzulning ko‘lamini namoyish etdi. Aql-idrok bilan bayonot berish o‘rniga siyosatchilarning bir-biri bilan tortishishi ijtimoiy konsensus ildiziga bolta urdi. Azaliy va e'tibor bermay kelinayotgan tengsizliklar yana kun tartibiga chiqdi. Mamlakatda bostirilgan va begona tutilgan muammolarni yo‘q deb hisoblash imkonsiz bo‘lib qoldi. Federal hukumat va shtatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar butun bir tizimni ishdan chiqara boshladi. Trampning «Armiya ma'muriyati meni yoqtirmaydi, ammo askarlar yaxshi ko‘rishadi. Pentagondagilar bomba, samolyot va boshqa narsalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni xursand qilish uchun urushdan boshqa hech narsa qilishni istashmaydi» degan gaplari ham idoralararo nomuvofiqlik qay darajaga kelib qolganini ko‘rsatadi.

Saylov jarayoni qizg‘in pallaga kirib borar ekan, Donald Tramp foydasiga yozilishi mumkin bo‘lgan ba'zi o‘zgarishlar ham yuz berdi. Masalan, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasidagi normallashuv jarayonida tutgan roli uchun Tramp o‘ta o‘ng norvegiyalik siyosatchi Tibring-Gjyedde tomonidan Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. «Men Trampning tarafdori emasman. So‘nggi yillarda Tinchlik mukofotini olganlar Donald Trampga qaraganda ancha kam ish qilishdi», dedi u.

Xuddi shunday, Shvetsiya parlamenti a'zosi Magnus Yakobsson ham Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va savdo muzokaralariga qo‘shgan hissasi uchun uni nomzod etib ko‘rsatdi.

Saylov jarayonidagi inqiroz
Covid-19 epidemiyasi tufayli to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz bera olmaydigan odamlarning pochta orqali ovoz berish amaliyoti saylov natijalarining muhokamalarga sabab bo‘lish ehtimolini tug‘dirmoqda.

O‘tmishdagiga qaraganda ancha yuqori miqdordagi pochta orqali yuboriladigan ovozlarni hisoblash juda uzoq vaqt talab etishi taxmin qilinmoqda. «Biz va boshqa ommaviy axborot vositalari boshlashi kerak bo‘lgan narsa – barcha ovozlar hisoblanganiga amin bo‘lish uchun qo‘shimcha kunlar yoki haftalar kerak bo‘ladigan ushbu saylovning noqonuniy bo‘lmaganiga Amerika xalqini ishonishga tayyorlashdir», dedi Facebook rahbari Mark Tsukerberg.

Donald Tramp esa allaqachon saylov natijalarini tan olmasligi mumkinligi haqida so‘z ochmoqda. «Menimcha, pochta orqali ovoz berish saylovga nisbatan shubha tug‘diradi», dedi u.

Saylov natijalarini tan olish-olmasligi xususida berilgan savolga javoban esa u natijani ko‘rishi kerakligi, hozir bu savolga javob bera olmasligini aytdi.

Tramp pochta byulletenlari eng katta hiyla-nayrangga sabab bo‘lishini da'vo qilmoqda. «Men saylovni o‘tkazishni istayman. Ammo uch oy kutishni, keyin esa saylov byulletenlari yetishmayotgani va bu saylov hech narsani ifoda etmaganini eshitishni istamayman. Ammo shunday bo‘ladi», deydi u.

Tramp saylovoldi tashviqotining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Tim Merto ham pochta orqali ovoz berishni demokratlarning saylovlar shaffofligiga putur yetkazishga qaratilgan usullaridan biri deb ta'riflamoqda.

Demokratlar saylov kunidan oldin pochtaga topshirilgan saylov byulletenlari saylov kengashiga saylov kunidan keyin yetib kelgan taqdirda ham hisobga o‘tishi uchun turli shtatlarda kurash olib borishmoqda. Respublikachilar esa saylov byulleteni haqiqiy deb hisoblanishi uchun u saylov kunigacha belgilangan manzilga yetib kelishi shartligini aytmoqda.

Shuningdek, demokratlar va respublikachilar pochta orqali ovoz beradiganlarga qancha vaqt ajratilishi kerakligi borasida ham kelisha olishmayapti. Ayni paytda o‘z ovozi haqiqiy sanalishi uchun bir necha hafta oldin saylov byulletenini yuborgan shaxs saylov kuniga qadar o‘z qarorini o‘zgartirishi mumkinligi ham eslatib o‘tilmoqda. Bundan tashqari, tashqi kuchlarning soxta byulletenlarni tayyorlab, saylovlarga pochta orqali aralashishi mumkinligi ham ta'kidlanmoqda. Saylov byulletenlarini faqat talab qilganlarga yuborish kerakmi yoki barcha saylovchilarning manzillariga jo‘natilishi lozimmi degan masala ham hamon muhokama qilinmoqda. Agar ro‘yxatdagi har bir ismga avtomatik ravishda yuborilgan bo‘lsa, saylov byulletenlari vafot etgan odamlarga ham jo‘natilishi mumkin. Ba'zi shtatlarda saylov byulletenlarini ko‘chalardagi nazoratsiz pochta qutilariga tashlab ketilishi amaliyotni qiyinlashtiradi va ishonchni susaytiradi, deb da'vo qilinmoqda.

Hatto mana shunday fundamental masalalarda ham kelishmovchiliklar mavjudligi saylov natijalarini hisoblash jarayonining tartibsizlikka aylanib ketish ehtimolini orttirmoqda. Shu ma'noda, ikki nomzodning g‘olibligini e'lon qilish, bir tomonning natijasini tan olmaslik, takroran saylov o‘tkazilishini talab qilish va tartibsizliklar avj olishi kabi ssenariylar taxmin qilinmoqda. Saylovga juda oz vaqt qolganiga qaramay, jarayonga oid mana shunday ko‘plab noaniqliklar mavjudligi AQShning 46-prezidenti kim bo‘lishini bilish uchun saylovdan keyin ham ancha kutish kerakligiga ishora qilmoqda.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top