10:10 / 22.09.2020
8343
Edvard Snouden AQShga 5 million dollar to‘lab berishga rozi bo‘ldi

AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden kitobi sotilishi va ommaviy chiqishlaridan olgan 5 mln dollardan ko‘proq mablag‘ni AQSh hukumatiga to‘lab berishga rozi bo‘ldi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib CNN telekanali xabar berdi.  

Avvalroq AQSh adliya vazirligi Snouden “Shaxsiy hujjat” (Permanent Record) deb nomlangan kitobini nashr etgani bilan bog‘liq holda uni “maxfiy axborotni oshkor qilmaslik” majburiyatini buzganlikda ayblagan va uning ustidan sudga arz qilgan. Vazirlikda ta'kidlanishicha, hukumat kitob sotilishidan olinadigan barcha daromadni yig‘ib olmoqchi. Jumladan, 2019 yil oxirida Aleksandriya shahri (Virginiya shtati) sudi AQSh hukumati kitob sotilishidan olinadigan mablag‘larni olishga haqli ekani haqida qaror chiqargan.

Ta'kidlanishicha, Snouden o‘z kitobi sotilishidan 4,2 mln dollar hamda 56 marta pullik chiqish qilganidan 1,03 mln dollar daromad olgan.

Telekanalning ma'lum qilishicha, AQSh prezidenti ma'muriyati Snouden bilan u to‘laydigan mablag‘lar trast hisobraqamiga o‘tkazilishiga kelishib olgan.

Snoudenga qarshi ushbu da'vo arizasi u tomonidan maxfiy axborotning oshkor qilinishi bilan bog‘langan jinoyat ishidan alohida sudga berilgan. AQSh ma'muriyatining fikricha, Snouden davlat axborotini oshkor qilgani ortidan taniqlikka erishgan ekan, kitobni chop etishdan daromad ololmaydi.

Top