00:38 / 22.09.2020
22772

Farg‘ona viloyatida maktablarning 89 nafar xodimida koronavirus aniqlangan

SSV statistikasiga asosan esa, ushbu viloyatda koronavirusdan davolanayotgan soni 12 kishini tashkil etadi.

Farg‘ona viloyatidagi umumta'lim maktablarining 89 nafar xodimida koronavirus aniqlangan. Bu haqda 21 sentabr kuni Farg‘ona viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi matbuot kotibi Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Berilgan axborotga ko‘ra, 17 sentabr holatiga, viloyatda koronavirus tahliliga jami 947 ta maktabdan 51 620 nafar o‘qituvchi va boshqa xodimlar jalb etilgan bo‘lib, shundan 44 475 nafar o‘qituvchi hamda 7 145 nafar boshqa texnik xodimlardan tahlil olingan.

«Natijada 89 nafar o‘qituvchi hamda ishchi xodimlaridan musbat holati aniqlangan. Hozirda ularga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari olib borilmoqda.

Viloyatda tahlil olish jarayonlari davom etmoqda», – deyiladi SEOM ma'lumotnomasida.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 21 sentabr soat 23:30gacha bo‘lgan ma'lumotiga asosan, Farg‘ona viloyatida koronavirusdan davolanayotgan soni 12 kishini tashkil etadi. Rasmiy statistikada viloyatda koronavirus yuqtirganlar soni jami 379 kishi, tuzalganlar esa 366 nafar deb ko‘rsatilmoqda; faqat 1 kishi vafot etgani rasman tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Qashqadaryo viloyatidagi maktablarning 855 nafar o‘qituvchisida koronavirus aniqlangani haqida xabar qilingach, SSV unday emasligi, 855 nafar xodim koronavirusga gumon qilinganini bildirib bayonot bergandi. Oradan bir hafta o‘tdi hamki, vazirlik kasallikka gumon qilingan yuzlab o‘qituvchilar masalasida izoh bergani yo‘q, ularning qanchasida haqiqatan ham COVID-19 chiqqaniga aniqlik kiritmadi.

Umuman, sentabr oyidan buyon respublikadagi umumta'lim maktablari o‘qituvchilari ommaviy ravishda COVID-19`ga test olinmoqda. Hozirgacha bu testlarning natijalari haqida alohida axborot berilganicha yo‘q.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top