21:36 / 22.09.2020
2696
Tramp BMTni jahondagi "haqiqiy muammolar" bilan shug‘ullanishga chaqirdi

Donald Tramp AQSh inson huquqlarini himoya qilish masalasida hamisha yetakchi bo‘lishini ta'kidladi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp BMTni dunyo oldida turgan "haqiqiy muammolar" bilan shug‘ullanishga chaqirdi. U bu haqda BMT tashkil topganligining yetmish besh yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishida qilgan videomurojaati chog‘ida aytdi.

"Agar BMT samarali tashkilot bo‘lishi kerak bo‘lsa, u holda diqqatini dunyodagi haqiqiy muammolarga qaratishi lozim. Bularga terrorizm, ayollarni kamsitish, majburiy mehnat, narkotrafik, odam savdosi va jinsiy savdo, etnik tozalovlar, diniy qarashlari uchun ta'qib qilish va diniy ozchilikni etnik tozalashlar kiradi", - dedi u.

Tramp AQSh inson huquqlarini himoya qilish masalasida hamisha yetakchi bo‘lishini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Top