10:12 / 23.09.2020
18336
Mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga qonunga zid tarzda o‘zgartirish kiritilgan bo‘lishi mumkin

2020 yilning 22 sentabr kuni mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ma'muriyati tomonidan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga o‘zgartirish kiritilgani ma'lum qilindi.

«Ushbu tartibga ko‘ra, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak», deyiladi rasmiy xabarda.

Ushbu o‘zgartirishning fuqarolar uchun qanchalik noqulaylik tug‘dirishi, byurokratik xarakterga egaligi haqidagi masalalarni bir chetga surib, tizim operatorining yangi tartibni joriy etishga qanchalik haqli ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tartibi batafsil belgilab qo‘yilgan.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi shart hamda normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llanadi.

Yuqoridagi Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarorlari idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega.

Bu hali tizim operatori yoki Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish tartibiga idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan o‘zgartirish kiritilgan taqdirda, uning qonunchilikka zid ekanligi haqidagi mulohazalar. Bizga berilgan xabarda mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga tizim operatori tomonidan o‘zgartirish kiritilgani aytilgan, xolos. Ushbu holatda tizim operatorining na idoraviy normativ-huquqiy hujjat va na Vazirlar Mahkamasining qarori bilan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritilgani ham ehtimoldan xoli emas. Harholda, tizim operatori tomonidan berilgan mavhum xabar bizda shunday shubhalarni paydo qilmoqda.

Qonunchilikka ko‘ra, biror-bir ijtimoiy munosabat Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinadigan bo‘lsa, mavjud tartibga o‘zgartirish kiritish yoki uni bekor qilish uchun shuni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining boshqa bir qarori yoki yuridik kuchi bo‘yicha undan yuqori turuvchi boshqa birorta normativ-huquqiy hujjat, masalan, prezident qarori yoki qonun qabul qilinishi lozim.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-sonli qarorining 4-bandida 2018 yil 1 maydan boshlab, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozimligi belgilangan. Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi O‘zbekistonning har bir fuqarosiga daxldor muhim masala ekanligi hisobga olinsa, mazkur tartibga kiritiladigan o‘zgartirish, albatta, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi va jamoatchilik o‘z takliflarini bildirishi lozim. Mavjud tartibga shoshilinch o‘zgartirish kiritish vaji ham ushbu talabni bajarmaslik uchun bahona bo‘lolmaydi.

So‘ngso‘z o‘rnida aytish mumkinki, tizim operatori mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga yuqorida keltirilgan qonunchilik talablariga rioya qilmay o‘zgartirish kiritgan bo‘lsa, ushbu o‘zgartirish noqonuniyligi tufayli bekor qilinishi hamda amaliyotga joriy etilmasligi lozim.

Abbos Salaydinov, huquqshunos

Top