20:50 / 23.09.2020
6113
“Muvofiqlashmagan sa'y-harakatlar yetarli natija bermayapti”. Siyosatshunos - Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha navbatdagi tashabbusi haqida

Ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Faridun Sattarov prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi, xususan Afg‘onistonga oid navbatdagi tashabbusi haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: RIA Novosti

Faridun Sattarovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston muammosi – so‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston yetakchisining xalqaro kun tartibidagi eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelmoqda.

“40 yildan ortiq vaqt davomida Afg‘onistondagi nizo, urush va notinchliklar afg‘on xalqining ijtimoiy ravnaqi va iqtisodiy rivojlanishi, barqaror hayot kechirishi yo‘lida murakkab to‘siq bo‘lib kelmoqda. Bu vayronkor holatni bartaraf etishda bir narsa tobora aniqroq ko‘rinmoqda – har qanday notinchlikni faqat tinchlik yo‘li bilan bartaraf etish mumkin.

Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan dasturilamal tamoyilga ko‘ra ish olib borish tashabbusini ilgari surdilar”, – deydi u.

Siyosatshunosga ko‘ra, Bosh Assambleya sessiyasining birinchi kun debatlarida ishtirok etgan 30dan ortiq davlat yetakchilarining deyarli hech biri (qo‘shni Tojikiston va Turkmaniston rahbarlaridan tashqari) afg‘on xalqini qiynayotgan notinchlik va bu yerdagi vayronkorlikka aytarli e'tibor qaratmadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida BMT huzurida afg‘on xalqining dard-u tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Qo‘mitaning asosiy vazifasi sifatida Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarurligiga diqqat qaratildi.

“Avvalo, bunday tuzilma o‘zining uzoq muddatli va tizimli ishlashi bilan g‘oyatda ahamiyatli. Chunki bugun Afg‘oniston muammosining yechimi borasida juda ko‘plab xalqaro va mintaqaviy platformalar mavjud bo‘lib, ularning kuch va sa'y-harakatlari bo‘linishi yuz bermoqda, kutilgan natijalarga erishilayotgani yo‘q.

Shu sababli prezidentimizning ushbu tashabbusini xalqaro ekspert va siyosatshunoslar yuqori baholab, bu “institutsional doimiylik” sari qo‘yiladigan ulkan qadam bo‘ladi, deyishmoqda.

Taklif etilgan qo‘mita Afg‘onistonga nisbatan bir tomonlama, unilateral yondashuvlar va xatti-harakatlardan uzoqlashib, uning o‘rniga global darajada keng muloqot o‘rnatish bo‘yicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Bunday xususiyat “manfaatdorlarni faol jalb etish” tamoyili bo‘lib, undan maqsad – xalqaro intilishlarni afg‘on xalqi o‘zi belgilaydigan yo‘lga chorlashdir.

Taklif etilayotgan qo‘mita ijtimoiy osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma bo‘lib, fundamental asosga egaligi bilan haqiqatdan katta ijobiy natija berishga qodir.

Binobarin, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lib, afg‘on xalqi taqdiri va tashvishi butun mintaqamizning umumiy dard-u muammosidir. Zero, qo‘shni Afg‘oniston muammosini hal qilmasdan, uzil-kesil nizoga barham bermasdan turib, tinch va xavfsiz Markaziy Osiyo haqida gapirish mumkin emas”, – deydi siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

Faridun Sattarovning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonda osoyishtalik o‘rnatilishi Markaziy Osiyo davlatlarining bu mamlakat orqali eng qisqa yo‘l bilan Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga chiqishini ta'minlaydi; Janubiy Osiyoni quruqlik orqali Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘laydi.

Top