22:16 / 23.09.2020
5420
Samara oblastidagi 900dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi maxsus poyezdda vatanga yo‘l oldi

Avvalroq rossiyalik blogerlardan biri Samara oblastidagi migrantlar lagerining yuqoridan olingan tasvirlarini e'lon qilgandi.

Videodan kadr: YouTube/Yevgeniy SHCHekin

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyadan olib kelish uchun tashkillashtirilgan maxsus poyezd Samara oblastidan 900dan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini olib yo‘lga tushdi. Bu haqda «Interfaks» xabar bermoqda

«23 sentabr kuni Kinel temir yo‘l stansiyasidan Toshkentga poyezd yo‘lga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasining 900dan ortiq fuqarosi vatanga yo‘l oldi. Kinel rayonidagi vaqtincha bo‘lib turish punktida odamlar qolmoqda. Oxirgi sutkada lagerga hech kim kelmadi», - dedi agentlik suhbatdoshi.

O‘zbekistonliklarning Butunrossiya kongressi hududiy bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Sobirovaning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi reysdan keyin lagerda 3,6 mingdan ortiq kishi qolgandi.

«Bundan tashqari, har hafta chorshanba va juma kunlari Samaradagi «Kurumoch» xalqaro aeroportidan Toshkentga charter reyslar amalga oshirilmoqda. Har bir reysda 135 nafardan yo‘lovchi jo‘natmoqdamiz. Charter reysiga chipta narxi 25 ming 850 rublni tashkil etadi. Chiptalar lagerda bo‘lib turgan odamlar ro‘yxati bo‘yicha sotilmoqda», - dedi Sobirova.

Eslatib o‘tamiz, 19 sentabr kuni rossiyalik blogerlardan biri Samara oblastidagi migrantlar lagerining yuqoridan olingan tasvirlarini e'lon qilgandi. Kadrlarda daryo bo‘yida joylashgan va hech qanday aholi punktiga tutash bo‘lmagan lagerda bir necha o‘nlab palatkalar, ularda odamlar yashayotgani aks etgandi.

Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston bilan chegaradagi ushbu oblastga to‘planishi may oyidan boshlangan edi.​​

Top