18:59 / 23.09.2020
4412
Shavkat Mirziyoyev BMTda afg‘on masalasi bo‘yicha qo‘mita tashkil etishni taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Afg‘oniston muammosiga yana bir bor e'tibor qaratdi.

«Biz Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘ldi.

Biz joriy yilning sentabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid qilamiz.

Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon – Puli Humri» elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.

Fikrimizcha, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy e'tibor markazida bo‘lib qolishi zarur.

Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir.

Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top