13:56 / 23.09.2020
14328

Suares bir oyog‘i bilan «Atletiko»da. Nega «Yuventus»damas?

Yilning asosiy transfer seriallaridan birida kutilmagan burilish ro‘y berdi.

Foto: Quality Sport Images/Getty Images

«Barselona» hujumchisi Luis Suares ko‘k-anorranglilarning mavsumoldi yig‘inini o‘tkazib yubordi va o‘ziga yangi klub izlashda davom etmoqda. Urugvaylik futbolchi avvaliga «Yuventus»ga o‘tishga yaqin edi, ammo so‘nggi pallalarda transfer barbod bo‘ldi. Endi ushbu futbolchiga Madridning «Atletiko» klubidan jiddiy qiziqish paydo bo‘lgan: Suaresni jamoaga taklif etish tashabbusi bosh murabbiy Diyego Simeonega tegishli. Quyida urugvaylik futbolchi nima uchun «Yuventus»ga o‘tmay qolgani, u «Barselona»dan nima istashi va «Atletiko» nega unga qiziqayotgani haqida fikr yuritilgan.

«Barsa» rahbariyati bilan ziddiyat
«Barselona» bosh murabbiyi lavozimiga Ronald Kuman kelishi bilanoq ko‘p narsa tushunarli edi: Mister Suaresni klubda ko‘rishni istamasdi. Urugvaylik futbolchining bir yillik shartnomasi qolgan, ammo futbolchining o‘zi, ESPN ma'lumotiga ko‘ra, boshqa klubga ketsa ham unga shartnoma bo‘yicha olishi kerak bo‘lgan bir yillik maoshi to‘liq to‘lanishini talab qildi. Bu esa taxminan 14 mln yevro degani. Kataloniyaliklar futbolchini tekinga qo‘yib yuborishga rozi, ammo unga qolgan bir mavsum uchun maosh to‘lashga rozi emas. Suares Andres Inesta va Xavi Yaponiyaning «Vissel Kobe» va Qatarning «As-Sadd» klubiga o‘tganida kataloniyaliklar klubi rahbariyati ularga maoshlarining qolgan qismini ham to‘lab berganiga asoslangan holda shunday talab qo‘ygandi. 

Shu bilan birga, Kuman Suares agar baribir «Barselona»da qolsa, unga jamoaning boshqa futbolchilari bilan bir xilda munosabatda bo‘lishini ma'lum qildi. 

«Men Luis bilan suhbatlashdim. Biz kutamiz va kuzatamiz, u ketadimi yoki yo‘qmi. Ammo biz shartnomani hurmat qilamiz, agar u qoladigan bo‘lsa, jamoaning boshqa futbolchilari kabi bir xil imkoniyatga ega bo‘ladi», – degan murabbiy Marca nashriga bergan intervyusida. 

Onda Cero radiostansiyasi ma'lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar klubi shartnomani bir tomonlama bekor qilish uchun futbolchiga bir yillik maoshining yarmini tovon sifatida to‘lab berishga rozilik bildirgan. Yaqin kunlarda Luis yangi klubi bilan kelishuv imzolashi kutilmoqda.

«Yuventus»ga transferning barbod bo‘lishi
Turinliklar klubining Suaresga qiziqishi haqida ma'lumot sentabr oyi boshida paydo bo‘ldi. Marca nashri urugvaylik futbolchi «Yuventus» bilan «2+1» sxemasida shartnoma imzolashi va bu klubda yiliga 10 mln yevro miqdorida maosh olishi haqida yozgandi. Ammo transfer «Barselona» bilan amaldagi shartnomani bekor qilish ishlari cho‘zilib ketgani tufayli amalga oshmay qoldi. 

Sentabr oyi o‘rtalarida Ispaniyadagi RAC1 radiosi 33 yoshli forvard 6 oktyabrga qadar Italiya pasportini olishga ulgurmasligi ma'lum bo‘lgani haqida ma'lumot berdi. Aynan shu kuni futbolchilarni Chempionlar ligasiga zayavka qilish muddati tugaydi. 

Biroz o‘tib La Gazzetta dello Sport nashri jurnalisti Luka Byankin Suaresning Perudja universiteti binosiga kirayotgani tasvirlangan suratini e'lon qildi. Urugvaylik futbolchi bu yerda Yevropa Ittifoqi fuqarosi pasportini olish uchun italyan tili bo‘yicha imtihon topshirishi aytildi. Bu hujjat Suaresga YeIga a'zo bo‘lmagan davlatlarga mansub futbolchilar uchun ajratilgan kvotadan tashqarida bo‘lish uchun kerak edi. 

Ispaniyada buning uchun YeI fuqarosi bo‘lgan rafiqasi Sofiya Balbining pasportini taqdim etish kifoya qiladi, ammo Italiyada o‘ziga xos qoidalar amal qiladi, unga ko‘ra, urugvaylik futbolchi YeI fuqarosi pasportiga ega bo‘lishi talab etilardi. 

17 sentabr kuni La Gazzetta dello Sport jurnalisti Luka Byankin urugvaylik futbolchi imtihonni muvaffaqiyatli topshirgani to‘g‘risida xabar berdi. Ammo keyingi kuni uning hamkasbi Fabritsio Romano «Yuventus» ushbu futbolchini tarkibiga qo‘shib olish rejasidan voz kechgani, uning o‘rniga «Roma»dan 16 mln yevro evaziga Edin Jyeko xarid qilinishi haqida yozdi.

«Yuve» bosh murabbiyi Andrea Pirlo Luis Suaresning turinliklar klubiga kelishi imkoni deyarli yo‘qligini aytdi. 

«Biz hali ham markaziy hujumchi sotib olish niyatidamiz. Transferlar darichasi yopilgunga qadar hali vaqt bor, shuning uchun biz xotirjammiz. Biz shoshilmayapmiz. Suaresning kelishi qiyin, chunki pasport olish uchun ko‘p vaqt ketadi, shu tufayli bizning yangi hujumchimiz u bo‘lishi ehtimoli juda kam», degan murabbiy Reuters agentligi muxbiriga bergan intervyusida.

Keyingi kuni «Yuventus» sport direktori Fabio Paratichi ham bu borada izoh berdi: «Ayni vaqtda biz bir hujumchi izlayapmiz, bizning o‘z maqsadlarimiz bor va biz bu maqsadlarga xotirjamlik bilan erishishni istaymiz. Nomlardan qat'i nazar. Suaresni bu ro‘yxatdan chiqarish mumkin, chunki u pasportni faqat transferlar oynasi dedlaynidan keyin qo‘lga kiritishi mumkin, 6 oktabr kuni esa Chempionlar ligasida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatini yuborishimiz kerak. Biz Suares varianti taklif qilinganida buni  ma'qullagan edik. Luis Italiya fuqaroligini olish jarayonida edi, shu tufayli biz u muayyan vaqtgacha qaydnomadan o‘tishiga umid qilgandik. Ammo bu ilojsiz bo‘lib chiqdi va shu tufayli u klubga kelmaydigan bo‘ldi».

Foto: globallookpress.com/Emanuela Bianconi/Keystone Press Agency

22 sentabr kuni esa imtihon bilan bog‘liq mojaroli xabarlar tarqala boshladi. La Repubblica nashri xabariga ko‘ra, Suares Italiya fuqaroligini noqonuniy yo‘l bilan olishga uringan bo‘lishi mumkin. Manba ma'lumotiga ko‘ra, urugvaylik futbolchi testda tushadigan mavzularni oldindan bilgan. Bu mavzular futbolchiga oldindan yuborilgan va u testda B1 darajani qo‘lga kiritgan (Bu tilni bilish bo‘yicha o‘rtacha daraja bo‘lib, insonga suhbat qurish va aytilgan barcha narsani tushunish imkonini beradi). Bu ishda gumonlanuvchilar orasida Perudjadagi xorijliklar uchun universitet rektori Juliana Grego Bolli va universitet bosh direktori Simone Oliveri ham bor. Suares ham ishga aloqador, ammo u asosiy qoidabuzar sifatida ko‘rilmayapti. Oliy ta'lim muassasasida tekshiruv o‘tkazilmoqda.

«Atletiko»ga o‘tish
«Matraschilar» shu oy boshidan buyon futbolchining atrofidagi vaziyatni kuzatib borishmoqda, ammo faqat bir necha kun oldin taklif yuborilgan. Mundo Deportivo ma'lumotiga ko‘ra, urugvaylik futbolchi madridliklar bilan ikki yillik shartnoma borasida kelishuvga erishgan.

Ammo Suaresni sotib olish uchun «Atletiko» yiliga 8 million yevro maosh olayotgan Diyego Kostani sotishiga to‘g‘ri keladi. Shu yo‘l bilan «matraschilar» xarajatlar vedomostini bo‘shatish va moliyaviy feyr-pley bo‘yicha muammo chiqmasligiga erishishni mo‘ljallagan.

22 sentabr kuni El Chiringuito TV Luis Suares jamoa mashg‘ulotlarida qatnashish uchun kelgani haqida xabar berib, u baza hududida tushgan suratni ilova qildi.

Foto: Gettyimages.ru/Gonzalo Arroyo Moreno, Alex Caparros, David Ramos

Shu kuni Kataloniya klubi prezidenti Jozep Bartomeu Suares masalasida Madrid klubi bilan muzokaralarni to‘xtatib turishga qaror qilgani, u «Atletiko»ni ham «Barsa» futbolchini erkin agent sifatida qo‘yib yuborishni istamayotgan klublar ro‘yxatiga kiritgani, transfer uchun pul to‘lanishini istayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi.

Kun oxirida jurnalist Fabritsio Romano «Atletiko» va «Barselona» vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgani, tomonlar hujumchi transferi masalasida kelishuvga erishgani, yaqin vaqtlar ichida Suares Madrid klubiga o‘tishi haqida yozdi.

Marca ma'lumotiga ko‘ra, madridliklar urugvaylik hujumchiga yiliga 9 mln yevro miqdorida maosh to‘lashga tayyor, bosh murabbiy Diyego Simeone ushbu futbolchi transferida shaxsan tashabbus ko‘rsatmoqda. Aynan u Suaresni «Atletiko»ga o‘tishga ko‘ndirgan, u «Yuventus»ga ijaraga berib yuborilgan Alvaro Moratadan ko‘ra jamoaga mosroq futbolchi deb hisoblanmoqda. 

Shu tariqa, Luis Suares Ispaniyada qoladi, ammo «Barselona»ning asosiy raqiblaridan biri safida.

Top