20:18 / 24.09.2020
8255
Aziz Abduhakimov: Odamlardan nimanidir talab qilishdan avval, ularga sharoit yaratib berishimiz kerak

O‘zbekiston hukumatining ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi prezidentning yangi qarori loyihasini tayyorladi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Aziz Abduhakimov Makarenko.uz saytiga bergan intervyusida shaharlar qanday qilib sog‘lom turmush tarzi yuritish uchun qulayroq bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

“Bizda shu paytgacha aholining sog‘lom turmush tarziga yetarlicha e'tibor berilmagandi. Ammo bu juda jiddiy masala. O‘zbekistonda ortiqcha vazn va yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim foizi yuqori.

Ammo odamlardan nimanidir talab qilishdan avval, ularga sharoit yaratib berishimiz kerak. Muammoni yaxlit holda ko‘rib chiqish lozim. Agar kimdir velosipedda yoki piyoda ishga boradigan bo‘lsa, bu sog‘lom bo‘lish uchun yetarlicha kundalik jismoniy mashq hisoblanadi.

Biz "Yangi nafas" loyihasi g‘oyasi bilan chiqdik. Bir kunda kamida o‘n ming, bir oy davomida uch yuz ming, bir yil davomida 3,6 million qadam yurgan shaxsga barcha davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 50 foiz imtiyoz berilishini hamda sport inshootlaridan foydalanish uchun abonement taqdim etiladi. Biz keksa odamlarni piyoda yurishga undashni judayam xohlaymiz - bu ular uchun ayniqsa muhim.

 Qaror loyihasida mamlakatning har bir tumanida velosiped yo‘lagi va "salomatlik yo‘li" qurilishi ko‘zda tutilgan. Va poytaxtning har bir tumanida. Ya'ni, masalan, Sergeli tumani aholisida o‘z tumanida velosipeddan foydalanish va uzoq sayr qilish imkoni bo‘lishi kerak. Yo‘laklarning yarmini kelasi yiliyoq quramiz.

 Bu yil birinchi marta "Avtomobilsiz kun" o‘tkazildi, unda men faol qatnashdim va boshqalarni ham rag‘batlantirishga harakat qildim. Ushbu aksiya har yili o‘tkaziladi. Ongni avtomobildan piyodalar shahriga yo‘naltirish kerak. Avtomobil - bu qadriyat emas.

 Piyoda yurish va velosipedlar bilan birga, bo‘sh vaqtda uy yaqinida shug‘ullanish mumkin bo‘lgan sport turlarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratiladi. Yugurish, piyoda yurish, mini-futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol va fitnesga alohida ustuvorlik berishga qaror qilindi.

Bu borada ham rejalar katta. Aslida bizda uylar yaqinida ommaviy sport maydonchalari madaniyati rivojlanmagan. Xususiy futbol maydonchalari, bolalar maydonchalari bor. Ammo barcha fuqarolar uchun ham bepul sport anjomlari mavjud emas. Shu bois 2025 yilda mamlakatning har bir mahallasida workout-maydonchalarini yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Hammasi bo‘lib – 9146ta. Maydoncha bo‘lsa, odamlardan "Nega sport bilan shug‘ullanmayapsiz?", deb so‘rash mumkin bo‘ladi.

 Samarasiz sport inshootlarini shaxsiy qo‘llarga o‘tkazamiz, ammo tadbirkorlar kam ta'minlangan bolalarni mavsumiy chiptalar, sport kiyimlari va jihozlari bilan subsidiyalash sharti bilan. Davlat mulkida qoladigan obektlar boshqa model bo‘yicha moliyalashtiriladi. Ulardan foydalanadigan odamlar sonidan kelib chiqqan holda.

 Ko‘p qavatli uylar bo‘lmagan hududlarda xalqona sport turlari rivojlanishi kerak. Biz bu sport turlarining ensiklopediyasini tayyorlamoqdamiz. Yoshlarda xalq o‘yinlariga nisbatan ishtiyoq bo‘lishi kerak. Buning uchun musobaqalar o‘tkazamiz.

Bizda butun dunyodan ishtirokchilar qatnashgan Samarqand yarim marafonini o‘tkazish tajribasi bor. Qishki sport turlari bo‘yicha «Chimgan Challenge», «Tashkent Marathon», «Boysun bahori» milliy va xalq o‘yinlari festivali, badminton bo‘yicha «Uzbekistan Shuttle», «Save Aral» xalqaro velomarafoni va boshqa ko‘plab tadbirlarni o‘tkazamiz.

"Bu tadbirlarni kim o‘tkazadi?" deb savol berishingiz mumkin. Buni o‘ylab qo‘yganmiz va o‘quv jarayoniga sport menejyeri, promouter, sharhlovchi kabi yangi kasblarni kiritmoqdamiz.. Bizga turli xil sport turlari bilan ishlay oladiganlar ko‘proq kerak.

Biz trenerlarning butunrespublika ma'lumotlar bazasini yaratmoqchimiz va odamlar ularni tanlashlari, mashg‘ulot o‘tkazishga qulay joy topishlari uchun reyting tizimini joriy etmoqchimiz..

Tog‘ va ekstremal turizmni rivojlantirishga e'tibor qaratiladi. Odamlar tog‘larga borishlari kerak - ammo instruktorlar maktabi, turistik bazalar va marshrutlarini tiklash kerak. Dam olish kunlari sayohatga chiqish yana toshkentliklarning sevimli mashg‘ulotiga aylanishi kerak.

 Intellektual mulk va media-kontent bozorini tartibga solamiz. Xorij telekanallari bizning bozorimizga qiziqish bildirmaydi, chunki bizda qaroqchilik keng rivojlangan, shu sababli ular bizning tadbirlarimizga kelishmaydi va yoritishmaydi, jonli translatsiyalar amalga oshirmaydi.

 Shuningdek, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha hujjat tayyorlanmoqda. To‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini amalga oshirish borasida oldinda juda katta ishlar turibdi. Davlat inson to‘g‘ri ovqatlanishi - oqsillar, yog‘lar va uglevodlar muvozanatini tushunishi, kaloriyalarni bilishidan manfaatdor. Shunda odamlar kamroq kasal bo‘ladi – ularni davolashning keragi bo‘lmaydi”.

Top