10:41 / 24.09.2020
8762

Go‘sht 42 500 so‘mdan 85 000 so‘mgacha. Statqo‘m bozorlardagi narx-navoni ma'lum qildi

Davlat statistika qo‘mitasi bozorlardagi narx-navo to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Qo‘mita mamlakat hududlaridagi markaziy dehqon bozorlarida 2020 yil 22 sentabr kuni kuzatuv o‘tkazib, alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal-maksimal narxlarini keltirdi.

Mol go‘shti (suyaksiz go‘shtidan tashqari) 42 500 so‘mdan 68 000 so‘mgacha (kg)

Kuzatuv natijasiga ko‘ra, 1 kg mol go‘shtining (suyaksiz go‘shtidan tashqari) minimal narxi, Toshkent shahrining «Farhod dehqon bozori»dagi arzonlashtirilgan go‘sht rastalarida qayd etilgan (42 500 so‘m). Mol go‘shtining maksimal narxi esa, Toshkent shahrining «Oloy dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»dagi xususiy tadbirkorlik rastalarida kuzatildi (68 000 so‘m).

Qo‘y go‘shti 45 000 so‘mdan 85 000 so‘mgacha (kg)

Qo‘y go‘shtining minimal narxi kuzatuv natijasiga ko‘ra, Toshkent shahrining «Farhod dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»da (45 000 so‘m) ro‘yxatga olingan. Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining «Oloy dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»da (85 000 so‘m) kuzatildi.

Kartoshka 2 200 so‘mdan 7 000 so‘mgacha (kg)

Kuzatuv natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrining «Qo‘yliq dehqon bozori»da sotuvdagi yirik bo‘lmagan kartoshkaning narxi minimal narx sifatida (2 200 so‘m) qayd etilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrining «Oloy dehqon bozori»da sotuvdagi saralangan kartoshkaning narxi maksimal narx sifatida (7 000 so‘m) qayd etildi.

Piyoz 800 so‘mdan 3 500 so‘mgacha (kg)

Piyoz mahsulotining minimal narxi kuzatuv natijasiga ko‘ra, Guliston shahrining «Guliston dehqon bozori» va Toshkent shahrining «Mirobod dehqon bozori»da (800 so‘m) ro‘yxatga olindi. Maksimal narx sifatida esa Toshkent shahrining «Mirobod dehqon bozori» va «Oloy dehqon bozori»da sotuvda bo‘lgan saralangan piyozning narxi kuzatildi (3 500 so‘m).

Sabzi 1 500 so‘mdan 5 000 so‘mgacha (kg)

Sabzi mahsulotining minimal narxi kuzatuv natijasiga ko‘ra, Nukus shahrining «Nukus dehqon bozori», Jizzax shahrining «Eski shahar dehqon bozori», Namangan shahrining «Namangan chorsu dehqon universal bozori», Chirchiq shahrining «Chirchiq dehqon bozori», Toshkent shahrining «Farhod dehqon bozori», «Qo‘yliq dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»da (1 500 so‘m) qayd etilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrining «Mirobod dehqon bozori» va «Oloy dehqon bozori»da sotuvda bo‘lgan tozalangan va saralangan sabzining narxi maksimal narx sifatida (5 000 so‘m) qayd etildi.

Tuxum 6 300 so‘mdan 14 000 so‘mgacha (10 dona)

Kuzatuv natijasiga ko‘ra, Yangiyo‘l shahrining «Ixtisoslashgan Yangiyo‘l shahar dehqon bozori»da arzonlashtirilgan tuxum rastalaridagi mayda tuxumning narxi minimal narx sifatida qayd etildi (6 300 so‘m). Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining «Farhod dehqon bozori»da qayd etilgan (14 000 so‘m).

Guruch 5 600 so‘mdan 19 000 so‘mgacha (kg)

Kuzatuv natijalariga ko‘ra, guruch mahsulotining minimal narxi Toshkent shahrining «Eski jo‘va dehqon bozori»da («Nukus» navli guruch 5 600 so‘m) qayd etilgan. Maksimal narx esa, Toshkent shahrining «Mirobod dehqon bozori»da kuzatildi («Lazer» navli guruch 19 000 so‘m).

O‘simlik yog‘i 8 800 so‘mdan 17 000 so‘mgacha (litr)

O‘simlik yog‘i mahsulotlarining kuzatuv natijasiga ko‘ra minimal narxi Toshkent shahrining «Eski jo‘va dehqon bozori»da (mahalliy paxta yog‘i 8 800 so‘m) kuzatildi. Maksimal narxi esa, Toshkent shahrining «Oloy dehqon bozori»da (kungaboqar yog‘i 17 000 so‘m) kuzatildi.

Shakar 5 800 so‘mdan 7 000 so‘mgacha (kg)

Shakar mahsulotining kuzatuv natijasiga ko‘ra, minimal narxi Toshkent shahrining «Eski jo‘va dehqon bozori», «Qo‘yliq dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»da (5 800 so‘m) qayd etildi. Maksimal narxi esa, Buxoro shahrining «Buxoro markaziy dehqon bozori», Jizzax shahrining «Jizzax markaziy dehqon bozori» va «Eski shahar dehqon bozori», Toshkent shahrining «Eski jo‘va dehqon bozori», «Oloy dehqon bozori», «Farhod dehqon bozori» va «Mirobod dehqon bozori»da (7 000 so‘m) kuzatildi.

Top