16:25 / 24.09.2020
6743

Italiya epidemiyaning dahshatli zarbidan qanday qilib oyoqqa turib oldi?

Koronavirus epidemiyasi Yevropada birinchi bo‘lib aniqlangan mamlakat bo‘lmish Italiya pandemiyaning dastlabki oylarida ko‘p sonli kasallanish holatlari va o‘lim ko‘rsatkichlari bilan dahshat manziliga aylangandi. So‘nggi kunlardagi ma'lumotlar esa boshqa ko‘plab Yevropa mamlakatlariga qaraganda ancha ijobiy ko‘rinish oldi.

Foto: Reuters

Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 2 hafta mobaynida 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan holatlar soni Italiyada 33.5ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich Ispaniyada 100 mingga 300.5, Fransiyada 185.8, Maltada 125.4, Belgiyada 105.4, Avstriyada 101.3 va Angliyada 69.3ni tashkil qiladi.

Mazkur ma'lumotlar, o‘z navbatida, epidemiyadan birinchilardan bo‘lib eng kuchli zarbani qabul qilib olgan Italiyaning so‘nggi haftalarda G‘arbning boshqa mamlakatlariga nisbatan nega yaxshiroq holatda ekani bilan bog‘liq savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

Italiyada ilk koronavirusga chalinish holati fevral oyida aniqlangan, dastlabki o‘lim ham mazkur oy oxirida qayd etilgandi. Mart oyi so‘nggida esa epidemiyaning egri chizig‘i eng yuqori darajaga ko‘tarilgandi. 21 martda 6 ming 557ta kunlik yangi holat, 27 martda esa 919 o‘lim holati kuzatilishi ortidan rekord yangilangandi.

Iyun oyi oxiri – iyul oyi boshlarida kunlik holatlar soni 100-200lik diapazonga tushdi. Kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari ham bir xonali raqamlarda ifodalanadigan bo‘ldi. Biroq avgust oyida epidemiyaning egri chizig‘i yana ko‘tarila boshladi va kunlik holatlar soni mingdan oshdi.

22 sentabr holatiga ko‘ra, kunlik holatlar soni 1 ming 392, kunlik vafot etganlar soni esa 14 nafarni tashkil etdi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan buyon koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 300 ming 897ga, vafot etganlar soni esa 35 ming 738 nafarga yetdi.

Italiyada cheklov choralarini uzoq va qat'iy tarzda amalga oshirilishi, kontaktlar kuzatib borilgani, test strategiyasi o‘zgartirilgani va niqob taqish kabi qoidalarga yuqori darajada rioya etilgani o‘zining ijobiy  samarasini bergani taxmin qilinmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Italiyada ba'zi boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda, testlar soni kam ekani, shuning uchun xam holatlar soni ozligi aytilmoqda.

Mamlakat bo‘ylab amalga oshirilgan qat'iy chora-tadbirlar
Italiya hukumati fevral oyi oxirida epidemiya keng tarqalgan shimoliy hududlarda, mart oyidan e'tiboran esa butun mamlakat bo‘ylab qat'iy cheklov choralarini ko‘ra boshladi.

Sayohat cheklovlari; maktablar, restoranlar, barlar, ish joylarining yopilishi; uydan faqat zarurat tug‘ilgandagina chiqishga ruxsat berilishi; yig‘ilishlarni taqiqlash kabi chora-tadbirlar mamlakat bo‘ylab taxminan 3 oy mobaynida amalda bo‘ldi.

Epidemiyaning egri chizig‘i pasaya boshlagach, may oyidan boshlab cheklovlar asta-sekin yumshatila boshlandi.

Foto: Reuters

Butun mamlakat bo‘ylab chora-tadbirlarni boshqa mamlakatlarga nisbatan ertaroq va uzoqroq qo‘llangani, ular bosqichma-bosqich yumshatilgani epidemiya egri chizig‘i pasayishining eng muhim omillaridan biri sifatida baholanmoqda.

Garchi Italiyada cheklov choralari deyarli bekor qilingan bo‘lsa-da, yopiq binolarda niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash majburiyati hamon saqlanib qolmoqda. Aloqalarni kuzatib borish maqsadida restoranlarda mijozlar ro‘yxatga olinmoqda. Aeroportlarda, temir yo‘l bekatlarida, tadbirlarda va hatto ba'zi plyajlarda ham odamlarning tana harorati o‘lchab turilibdi.

Ispaniya va Malta kabi «xavfli» mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar aeroportlarda 30 daqiqada natijasi ma'lum bo‘ladigan Covid-19 testidan o‘tkazilmoqda.

Mart oyi boshidan e'tiboran yopiq bo‘lgan maktablar o‘tgan hafta qisman va shu haftadan esa ilk bor qaytadan ochildi. Maktablar ochilishining epidemiyaning egri chizig‘iga ta'siri bir necha hafta ichida namoyon bo‘lishi kutilmoqda.

Favqulodda holat 15 oktyabrga qadar uzaytirildi
Virus bilan bog‘liq ma'lumotlarni mahalliy sog‘liqni saqlash mutasaddilari va shifoxonalardan muntazam ravishda to‘plash orqali har hafta mamlakatdagi umumiy so‘nggi vaziyatni aks ettiruvchi hisobotlar tayyorlanmoqda. Hukumat o‘z qarorlarini ushbu ma'lumotlar va ilmiy-texnik qo‘mitalarning tavsiyalariga muvofiq qabul qilmoqda.

Koronavirus epidemiyasi sababli mamlakatda 31 yanvar kuni e'lon qilingan favqulodda holat 15 oktyabrgacha uzaytirildi. Favqulodda vaziyat e'lon qilinishi hukumatga yangi epidemiya o‘choqlari aniqlangudek bo‘lsa, tezkor choralar ko‘rish imkoniyatini beradi.

Kontaktlarni kuzatish va xavfli hududlardan qaytib kelganlarni testdan o‘tkazish orqali simptom kuzatilmagan holatlarni ham aniqlash osonroq kechmoqda.

Hududlar bo‘yicha farqlanishga qaramay, umuman olganda, o‘zida kasallik xavfini sezganlar o‘z oilaviy shifokori ko‘rsatmasiga binoan, bepul testdan o‘tishlari mumkin. Xususiy klinikalarda ham har xil narxlarda test topshirish imkoniyati yaratilgan. So‘nggi haftalarda test topshirishda jiddiy muammolar kuzatilmagani aytilmoqda.

Testlar soni kam
Ayni paytda Italiyada o‘tkazilgan testlar soni boshqa G‘arb davlatlariga qaraganda kamligi e'tiborni tortmoqda.

Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 7-13 sentabr kunlari Italiyada 598 ming 861ta test o‘tkazilgan va 9 ming 959ta yangi holat aniqlangan. Shu hafta ichida Fransiyada 1 million 41 ming 279ta testda 56 ming 205ta yangi holat; Angliyada 1 million 511 ming 934ta testda 21 ming 10ta yangi holat; Ispaniyada esa 618 ming testda 67 ming 373ta yangi holat aniqlangan.

Top