16:20 / 24.09.2020
10186
Karantin qoidalari buzilgani uchun 26 mingdan ortiq avtomobil jarima maydonida noqonuniy tarzda ushlab turilgan bo‘lib chiqmoqda(mi?)

IIV tomonidan karantin qoidalari buzilganligi uchun transport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turishni qonuniylashtirish bo‘yicha taklif kiritilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘z sahifasida ma'lum qilishicha, IIV vakili bergan ma'lumotga ko‘ra, mamlakatimizda karantin cheklovlari amal qilib turgan muddat davomida transport vositasida harakatlanib, epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish holati bilan bog‘liq 26 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib, transport vositalari jarima maydonlariga vaqtincha ushlab turish uchun olib kirilgan.

Shuningdek, deputat Qonunchilik palatasiga mazkur qonun loyihasining kiritilishiga quyidagicha munosabat bildirdi:

Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunga qadar ichki ishlar xodimlari tomonidan MJtKning 54-moddasi asosida 26 mingdan ortiq transport vositalari jarima maydonlariga noqonuniy tarzda olib kirilganligini anglatadimi? Karantin qoidalari buzilganda avtomashina jarima maydoniga qo‘yilishini qonuniy deb jar solgan IIV ushbu qonun loyihasi bilan endi bu holatlarning noto‘g‘ri ekanligini tan olmoqdami?

Agar bunday bo‘lmasa, xo‘sh unda nima sababdan Kodeksga o‘zgartirish kiritish taklifi ilgari surilmoqda? Bu shu kunga qadar amalga oshirilgan, lekin qonuniy asosga ega bo‘lmagan “xatoliklarni to‘g‘rilash” uchunmi? Nima uchun bu taklif avtomobillar harakatiga doir karantin cheklovlari bekor qilingan vaqtda ilgari surilmoqda?

Modomiki, Ichki Ishlar Vazirligi mazkur qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartishlar ularga o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari uchun muhim hisoblab, qonun darajasida tegishli huquqiy asoslar yaratish zaruriyati bor deb bilishsa, albatta, parlament ularni doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Lekin, qonun hujjatlari va ularning hayotga tatbiq etilishi o‘zaro mos bo‘lishi, birinchi navbatda, qonun ustuvorligi ta'minlanishi zarur deb hisoblayman! Shu bois, taklif qilinayotgan qonun loyihasi ma'qullanishidan oldin IIV ham o‘z xatosini tan olishi va bugungi kunga qadar MJtKning 54-moddasi asosida transport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turish ortidan fuqarolar tomonidan to‘langan mablag‘larini qaytarishlari eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi!”.

Avtomobil saqlangan har bir sutka uchun o‘rtacha 12 ming so‘m xizmat haqi olinishi inobatga olinsa, 26 ming transport vositasi bir kundan ushlab turilgan, deb faraz qilingan taqdirda ham, fuqarolardan jami 312 mln xizmat haqi undirilgan bo‘ladi. Ammo, birgina fuqaroning transport vositasi jarima maydonida 3 oy saqlanib, bu uchun unga 1 mln 80 ming so‘m hisoblangan holatlar ham mavjudligi hisobga olinsa, jami summa milliardlarni tashkil etgan bo‘lsa ajab emas.

Shuningdek, qat'iy karantin cheklovlari joriy etilgan muddat davomida transport vositasida harakatlanib, epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish holati bilan 26 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanganini inobatga olib hisob-kitob qilinadigan bo‘lsa, 26 mingta huquqbuzarlik uchun taxminan 4 mln 460 ming so‘mdan (jarimaning eng kam miqdori olinmoqda) jami 115 mlrd 960 mln so‘m jarima undirilgan bo‘lib chiqadi.

Kun.uz’da yoritilgan mavzuga doir maqolalar:

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top