15:42 / 24.09.2020
9731
Karantin qoidalari buzilganligi uchun avtomobilni jarima maydonida ushlab turish qonuniylashtirilishi mumkin

IIV tomonidan karantin qoidalari buzilganligi uchun transport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turishni qonuniylashtirish bo‘yicha taklif kiritildi.

2020 yilning 23 sentabr kuni O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining siyosiy fraksiyasi yig‘ilishida Qonunchilik palatasiga Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘z sahifasida ma'lum qilishicha, Kodeksning 291-moddasida qaysi turdagi ma'muriy huquqbuzarliklar uchun transport vositasini ushlab turish mumkinligi belgilangan bo‘lib, ushbu moddada ichki ishlar organlari tomonidan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish huquqbuzarligi uchun (MJtK 54-moddasi) transport vositasini ushlab turish nazarda tutilmagan.

Deputatning aytishicha, muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasida Kodeksning 291-moddasiga tegishli o‘zgartish kiritish mo‘ljallangan. Ya'ni, endilikda ushbu Kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etib harakatlanayotgan haydovchilarning transport vositalarini vaqtincha ushlab turish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan jarima maydoniga joylashtirishni qonuniylashtirish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, karantin davrida minglab transport vositalari karantin qoidalari buzilganligi uchun jarima maydonlarida ushlab turilgan va ushbu holat Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga zid ekanligi tufayli jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Top