23:05 / 24.09.2020
24381
XTV va Do‘sov ishi: fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistik ekspertizasi tayinlandi

Joriy yilning 24 iyunida Qobil Do‘sov o‘z sahifasi orqali Xalq ta'lim tizimini tanqid qilgan edi. Do‘sov o‘z videomurojaatida attestatsiya tizimining korrupsiyaga botganligi, maktablardagi sharoitlarning yomonligi, o‘qituvchilar oyligi pastligi hamda tizimning og‘ir ahvoli haqida gapiradi.

Mazkur videomurojaat sababidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Qobil Do‘sov ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritadi. Unda Do‘sovning tanqidiy videomurojaati orqali vazirlikning sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar tarqatgani aytiladi.

Vazirlik o‘zining sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar tarqatganligi uchun fuqaro Qobil Do‘sovdan raddiya berishni talab qilmoqda.

23 sentabr kuni Do‘sov va Xalq ta'limi vazirligi o‘rtasidagi navbatdagi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sudda taraflarning guvohlari tinglandi.

Sudda ishtirok etayotgan prokuror masalaga har tomonlama to‘la va xolisona baho berilishini ta'minlash maqsadida suddan ish bo‘yicha sud-lingvistik ekspertizasi tayinlashni so‘radi.

Sud Qobil Do‘sovning videomurojaatida aytgan so‘zlari ustidan sud-lingvistik ekspertizasi tayinlash va uni o‘tkazishni Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklash to‘g‘risida ajrim chiqardi. Ajrimga ko‘ra, mazkur fuqarolik ishini ko‘rish ekspertiza xulosasi olingunga qadar to‘xtatildi.

Suddan so‘ng Xalq ta'limi vazirligi yuristi Xurshid Asrorov sud jarayoni haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Sud qancha davom etishini bilmaymiz. Ekspertiza belgilandi, uning xulosalariga muvofiq sud jarayoni davom etadi.

Sudda Xalq ta'limi vazirligining maqsadini aytib o‘tishim kerak. Vazirlik hech qachon tanqidlarga yopiq bo‘lmagan. Lekin Qobil Do‘sovning nutqida haqoratomuz gaplar bo‘lgan, 10-15 marta “xoin” so‘zini ishlatgan, shuning uchun biz xalq ta'limi vazirligi da'vo arizasi kiritganmiz», – deydi Xurshid Asrorov.

Xalq ta'limi vazirligi yuristi Xurshid Asrorov

Kun.uz muxbirining “Sud protsessida yarashuv instituti bor, vazirlik mana shu yo‘ldan borishi mumkinmi?”, degan savoliga vazirlik yuristi shunday javob berdi:

«Biz aslida Qobil Do‘sovning xoin degan so‘ziga raddiya berishni so‘raganmiz, lekin qandaydir ma'noda pul undirish, ma'naviy zarar degan boshqacha talabimiz yo‘q. Agar tizimda haqiqatda ham xoin bo‘ladigan bo‘lsa, tasdiqlashi kerak. Unday bo‘lmasa, raddiya berishi kerak», – dedi Xalq ta'limi vazirligi vakili.

Bu safargi ochiq sud majlisida qatnashgan Oliy Majlis deputati Rasul Qusherbayev bu sud amaliyotida yangilik ekanligini ta'kidladi.

Oliy Majlis deputati Rasul Qusherbayev

«Ko‘pchilikni bir muvaffaqiyatli qadam bilan qutlasak ham bo‘ladi. Gap shundaki, oddiy fuqaro va mansabdor o‘rtasidagi ziddiyat demokratik davlatlarda, huquqiy saviyasi yuqori bo‘lgan jamiyatlarda sud orqali hal qilinadi. Bugungi bo‘layotgan sud jarayonini ijobiy hodisa sifatida qabul qildim. Chunki odatda fuqaro va amaldor orasidagi ziddiyatda amaldorning o‘z mavqeidan foydalanib boshqa bir, zo‘ravonlik bilan hal qilganlarini ko‘rganmiz. Bu esa o‘shalar uchun yaxshigina signal bo‘ladi», deya fikrlarini bildirdi Oliy Majlis deputati.

Mazkur holat yuzasidan Qobil Do‘sov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Qobil Do‘sov

«Sud jarayoniga OAV va jamoatchilik vakillarining kirib kelishi hamda keng yoritilishi avval kuzatilmasdi. Buni yaxshi yangilik sifatida baholash kerak.

Agar men va Xalq ta'limi vaziri o‘rtasidagi shaxsiy masala bo‘lganda shunchaki tinchib ketishi mumkin edi. Lekin xalq ta'limi borasida gap ketar ekan, men murosa yo‘lini tanlamayman», – deydi Qobil Do‘sov.

Ekspertiza xulosasidan keyin sud yana davom etadi. Keyingi sud majlisi qachon bo‘lishi hozircha noma'lum.

Voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Rahmatilla Isroilov

Top