10:51 / 25.09.2020
27258
Andijonda o‘rnatilganidan 2,5 soat o‘tib yangi gaz hisoblagich portlab ketdi. «Hududgazta'minot» nima uchun bunday bo‘lganini tushuntirdi

Joriy yilning 24 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi favqulodda holat to‘g‘risida xabar tarqaldi. Unda "Texnopark" MChJning "aqlli" gaz hisoblagichi o‘rnatilganidan 2,5 soat o‘tgach portlagani aytiladi.

"Hududgazta'minot" AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Andijon shahridagi "Shimoliy kichik daha" kichik nohiyasidagi 77-uyning 15-xonadonida gaz tarmoqlari va qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida favqulodda texnogen hodisa ro‘y bergan. Dastlabki talqinga ko‘ra, o‘lchash moslamasining ichida gaz-havo aralashmasidan chaqnash paydo bo‘lishi, uni ishdan chiqishiga olib kelgan.

 
“Gaz uskunalari va gaz tarmog‘i ichidagi gaz-havo aralashmasining paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri, bu gaz hisoblagich o‘rnatilishidan avval, xususan, qo‘shni xonadonlardagi gaz tarmoqlari uchun mo‘ljallanmagan rezina shlangni ulash natijasida (uchta xonadonda mavjudligi aniqlandi) gaz quvuriga atmosfera havosining kirishidir. Hisoblagich tarmoqdagi yuqori bosimdan ishdan chiqqan degan talqin haqiqatga mos kelmaydi. Barcha tafsilotlar maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan aniqlanmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.
 
"Hududgazta'minot" AJ barcha tabiiy gaz iste'molchilarini xonadonlari ichidagi gaz uskunalari va tarmoqlarini o‘z vaqtida texnik tekshiruvdan o‘tkazishga, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzmaslikka, nostandart hamda qo‘lbola gaz uskunalari va shlanglardan foydalanmaslikka chaqirgan.
 
“Texnik taftish bo‘yicha barcha savol hamda murojaatlar uchun 104 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Shuningdek, sizlardan "Hududgazta'minot" AJning hududiy filiallari xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlariga gaz uskunalari, quvurlar va jihozlarni belgilangan tartibda rejali ko‘rik hamda texnik tekshiruvlarni karantin choralariga rioya qilgan holda amalga oshirishlari uchun imkoniyat yaratib berishingizni yana bir bor so‘rab qolamiz. Unutmang vaqtida tuzatilgan nosozlik, katta ofatlarning oldini olishda juda muhimdir”, - deyilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, yuqoridagi favqulodda holat natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi.

Top