14:12 / 26.09.2020
2835
Pandemiya davrida transport yo‘laklari yopilib, xarajatlar ikki barobar oshgan

Xalqaro press-klubning 25 sentyabrdagi sessiyasida investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov pandemiya davrida yopilib qolgan transport yo‘laklari haqida ma'lumot berdi. 

Foto: Sputnik

Qayd etilishicha, bugungi kungacha asosiy transport yo‘laklari 2ta bo‘lgan. Birinchisi shimol, ya'ni Qozog‘iston-Rossiya orqali Qora dengiz portlariga yoki Qozog‘iston-Xitoy, Qozog‘iston-Rossiya orqali Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga mahsulotlar yetkazib berilgan.  

Ikkinchi yo‘lak janubiy-g‘arbiy bo‘lib, Turkmaniston, Eron, Turkiya va shu yo‘l bilan Yevropa, Afrika va boshqa mintaqalarga mahsulotlarni yetkazish imkoniyati bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, pandemiya davridagi sharqiy va g‘arbiy yo‘lakning yopilib qolgani O‘zbekistonga juda katta qiyinchiliklar tug‘dirdi.
 
“Bu yo‘l yopilganligi uchun biz mahsulotlarimizni Qozog‘iston, Rossiya, Gruziya orqali Turkiya va Yevropaga o‘tkazishga majbur bo‘ldik.  

Xuddi shunday ikkinchi variant, ya'ni Qozog‘istondan Kaspiy, u yoqdan Boku Turkiya orqali g‘arbiy tarafga mahsulotlarni eksport qildik va importni ham shu yo‘llar orqali amalga oshirdik. Bu ham xarajat, ham vaqt nuqtayi nazaridan 2 barobar oshib ketdi”, - dedi Sardor Umurzoqov.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish mintaqaviy markazi ochilgandan keyin, Yevropa va Osiyoga mo‘ljallangan yuklarni O‘zbekistondan o‘tkazish qo‘lga kiritiladi va bu orqali transport, tranzit salohiyati, iqtisodiyotni 10-20 barobar oshirishga erishish mumkin.

Top