22:49 / 26.09.2020
60806

Xarkovdagi aviahalokatda omon qolgan kursant haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Zelenskiy uni ko‘rgani bordi

Kecha, 25 sentabr kuni sodir bo‘lgan Xarkovdagi aviahalokatda omon qolgan kursant haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. 20 yoshli Vyacheslav Zolochevskiy samolyot qulayotganda o‘zini yerga tashlashga ulgurgan va omon qolgan. U bilan birga o‘zini tashlagan yana bir yigit kasalxonada halok bo‘lgan.

Foto: Telegram / Zelenskiy / Officia

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy falokatda omon qolgan Vyacheslav Zolochevskiy yotgan harbiy kasalxonaga uni ko‘rgani bordi.

«20 yoshli Vyacheslav Zolochevskiy bugun o‘zining ikkinchi tug‘ilgan kunini nishonlamoqda desak ham bo‘ladi. Vyacheslav do‘stlari bilan birga uchgan samolyotning bo‘laklari yaqinida o‘ziga kelgan. U bilan birga yana bir yigit o‘zini tashlagan va u olov ichida qolgandi. Slava (ya'ni, Vyacheslav) uni qutqarish uchun jon jahdi bilan harakat qiladi va yana bir kursantga ham omon qolish imkonini beradi. Afsuski, u halok bo‘ldi.

Bu o‘lim bilan kurash maydonidagi qahramonlik. Vyacheslav, senga ikkinchi imkon bejizga taqdim etilmadi. Ukraina sen bilan faxrlanadi. O‘sha dahshatli tunni va ko‘rgan-kechirganlaringni unutishda senga kuch tilayman. Halok bo‘lganlarni esa aslo unutmaymiz», deb yozdi Vladimir Zelenskiy o‘zining telegram-kanalida.

Vyacheslav Zolochevskiyning holati o‘rta og‘ir deb baholanmoqda. Kursantning hushi o‘zida va u Zelenskiy bilan gaplashgan ham. Uning aytishicha, barchasi juda tez sodir bo‘lgan va nima bo‘lganini anglash qiyin bo‘lgan. Zolochevskiyga ko‘ra, ekipaj va kursantlar tanish bo‘lgan. Ular birga parvoz ham qilishgan.

Voqea sodir bo‘lgan joyga yaqin binolardan biriga o‘rnatilgan kamerada aviahalokatning qanday sodir bo‘lgani taxminan ko‘ringan. Unda samolyot qo‘nishni amalga oshirayotib portlab ketganini ko‘rish mumkin.

26 sentabr kuni Kiyev vaqti bilan soat 20:45 da Ukrainaning Xarkov viloyatida aviahalokat sodir bo‘ldi. Xarkov – Kiyev trassasining 530-kilometrida An-26 harbiy transport samolyoti qulab tushib, oqibatda 26 kishi halok bo‘lgan. Samolyotda 7 nafar ekipaj a'zosidan tashqari 20 nafar sinov parvozini amalga oshirish uchun chiqqan Ivan Kojyedub nomidagi Xarkov Havo Kuchlari universiteti kursantlari ham bo‘lgan.

Oldinroq Vladimir Zelenskiy 26 sentyabrni Ukrainada motam kuni deb e'lon qilgan edi.

Mavzuga oid
Top