12:01 / 27.09.2020
64005
Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida jangovar to‘qnashuvlar boshlandi. Ikki tomondan talafotlar bor

27 sentyabrda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida jangovar harakatlar boshlanib ketdi. Ikki tomon bunda bir-birini ayblamoqda.

Foto: Ozarboyjon mudofaa vazirligi

Ozarboyjon mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlari “frontning butun chizig‘i bo‘ylab” Ozarboyjon armiyasi pozitsiyalarini o‘qqa tutganini, tinch aholi orasida yo‘qotishlar va yaralanganlar borligini ma'lum qildi. Bu orada Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning ta'kidlashicha, hujumni Ozarboyjon harbiylari boshlagan.

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyanning ta'kidlashicha, jangovar harakatlar davomida Ozarboyjonning ikkita vertolyoti va uchta droni urib tushirilgan. Uning aytishicha, Ozarboyjon armiyasi Arsax (Tog‘li Qorabog‘ning armanchada atalishi) tomon raketa zarbalarini bergan. 

“Dushman Arsax tomon raketa-aviatsiya zarbasini berdi. Buning uchun barcha javobgarlik Ozarboyjon harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasidadir. Armaniston dushmanning ikkita vertolyoti va uchta dronini urib tushirdi. Janglar davom etmoqda”, deb yozgan Stepanyan Facebook’da. Keyinroq Ozarboyjon faqatgina bitta vertolyoti urib tushirilganini, ekipaj a'zolari tirikligini tasdiqlagan.

Armaniston bosh vazirining ma'lum qilishicha, “dushman” Tog‘li Qorabog‘ga hujum qilgan, armiya muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatmoqda.  

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti matbuot kotibi Vagram Pogosyan ham Stepanakert Ozarboyjon tomonidan o‘qqa tutilganini ma'lum qilgan.”Bugun ertalab dushman tutashuv chizig‘i bo‘ylab faol hujumga o‘tdi. Tinch aholi punktlari, jumladan poytaxt Stepanakert ham o‘qqa tutilmoqda. Biz aholini berkinishga chaqiramiz”, deb aytilgan Pogosyan xabarida.

O‘z navbatida Ozarboyjon mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, Armaniston qurolli kuchlari frontning butun chizig‘i bo‘ylab Ozarboyjon armiyasi pozitsiyalari hamda chegaraoldi aholi punktlarini yirik kalibrli qurol, minomyot va artilleriya qurilmalaridan o‘qqa tutgan. Tinch aholi orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. 

Ozarboyjon mudofaa vazirligida ma'lum qilinishicha, qo‘shinlar “dushmanning ig‘vogar harakatlariga chek qo‘yish va tinch aholi xavfsizligini ta'minlash uchun” javob choralari ko‘rmoqda. Jumladan, Armaniston havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlarining 12 ta zenit-raketa majmuasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lingan.

Armiya butun front bo‘ylab qarshi hujum operatsiyasini boshlashga qaror qildi. Shaxsiy tarkib va tank bo‘linmalari raketa-artilleriya qo‘shinlari, front aviatsiyasi va dronlar ko‘magida dushman mudofaasining old chizig‘ida va ichkarisida Armaniston qurolli kuchlarining katta miqdordagi tirik kuchi, harbiy obektlari va jangovar texnikasini aniqlab, ularni yo‘q qilmoqda”, deb ma'lum qilingan Ozarboyjon mudofaa vazirligida.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top