22:53 / 27.09.2020
37389
O‘zbekiston Ozarboyjon va Armanistonni harbiy harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi

O‘zbekiston Ozarboyjon va Armanistonni o‘zaro nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chorlab, tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi qurolli nizo bo‘yicha munosabat bildirdi.

Vazirlik O‘zbekiston Ozarboyjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashganidan tashvishdaligini ma'lum qilgan.

«O‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bahsli masalalar xalqaro huquq normalariga qat'iy mos ravishda tinch yo‘l bilan hal qilinishining muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ozarboyjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top