15:52 / 28.09.2020
6130
«Jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qolmagan» – Komil Allamjonov o‘zbek jurnalistikasidagi senzura va bosimlar haqida

Bugun, 28 sentabr kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni munosabati bilan xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazilmoqda.

Konferensiyada so‘z olgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ayni paytda o‘zbek jurnalistikasidagi mavjud muammolarni va hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarni sanadi.

«O‘zbekiston «qora ro‘yxat»dan chiqdi va «Chegara bilmas muxbirlar» matbuot erkinligi indeksidagi mavqeyini yaxshiladi: 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 13 o‘ringa yuqoriladi.

Lekin muammolar yo‘qmi? Albatta, bor. Jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qmi? Albatta, bu ham bor. Aks holda, natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi», deya ta'kidladi Komil Allamjonov.

U ma'lum doiradagi shaxslarning senzurasi, jurnalistlar va blogerlarning o‘zini senzura qilishi, davlat xodimlarining tahdidlari yoki bosimi kabi holatlar haligacha borligi va ularga qarshi kurashilayotgani, takliflar berilayotganini qayd etib o‘tdi.

«Shu kunlarda prezident topshirig‘i bilan yana bir muhim hujjat, ya'ni ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun chiqishi kerak.

Biz hali ham yo‘lning boshida ekanligimizni va bu yo‘lda xato va kamchiliklar bo‘lishini tushunamiz. OAVni liberallashtirish boshlangani vaqtinchalik o‘zgarish emas, balki prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi. Bu – eng muhimi», dedi u.  

Fond Vasiylik kengashi raisi har bir fuqaroning axborotdan erkin foydalanish huquqi mamlakat Konstitutsiyasida belgilab berilgani, lekin ko‘p yillar davomida bu huquq ham amalga oshirilmay kelganini aytib o‘tdi.

«Endi vaziyat o‘zgardi. Bu vaziyat siyosiy ahvolga emas, balki odamzod boshiga kelgan pandemiya tufayli ham yangi darajaga ko‘tarilishi va yondashuv xam mutlaq o‘zgarishi kerak. Bu masala odamlar hayoti xavfsizligidir. Shunday ekan, axborot erkin bo‘lishi, o‘z vaqtida har bir fuqaro undan xohlaganicha foydalana olishi kerak. Barcha mas'ullarni ushbu masalaga jiddiy yondashishga chaqiraman. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari oldida esa aholining qo‘lga kiritilgan ishonchini yo‘qotmaslik kabi muhim vazifa turibdi», deya qayd etdi Komil Allamjonov.

Konferensiyada Komil Allamjonov 2016 yildan buyon o‘zbek jurnalistikasida kuzatilgan o‘zgarishlar haqida ham fikrlarini bildirgan edi.

Top