10:30 / 28.09.2020
18142
Lukashenko Makronning hokimiyatni o‘z ixtiyori bilan topshirish haqidagi taklifiga javob qaytardi 
Foto: president.gov.by

Lukashenko Fransiya rahbarini g‘o‘r siyosatchi deb atadi va unga Fransiyaning ichki ishlari bilan shug‘ullanishni maslahat berdi. Uning fikriga ko‘ra, Makron «Belarus prezidentligiga sobiq nomzodlardan biriga» juda katta e'tibor beryapti.

Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga «atrofga kamroq qarashni» va o‘z mamlakatining ichki ishlari bilan shug‘ullanishni maslahat berdi, deb xabar qilmoqda BelTA. U Makronning Lukashenko o‘z lavozimini ixtiyoriy ravishda tark etishi kerakligi haqidagi bayonotiga shunday javob qaytardi. 

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Makron «o‘z mantig‘iga amal qilgan holda» 2018 yilda, Fransiyada «sariq jiletlar» norozilik namoyishlari boshlanganda iste'foga chiqishi kerak edi. Dastlab namoyishchilar yoqilg‘iga narxlar va soliqlarni oshirmaslikni talab qildi, keyin prezidentning iste'fosini so‘ray boshladi.

«Yillar o‘tdi, «jiletlar» hanuzgacha ko‘chalarda, janob Makron hali ham o‘z lavozimida, Fransiya esa ommaviy noroziliklar odatiy holga aylangan mamlakatga aylandi», - dedi Belarus prezidenti. 

Bundan tashqari, Fransiyada «vaqti-vaqti bilan» Black Lives Matter («Qora tanlilar hayoti ahamiyatga ega») harakati bilan bog‘liq muammolar hamda Lion va Marselda musulmonlarning noroziligi kelib chiqmoqda, deya davom etdi Lukashenko. 

Uning fikriga ko‘ra, Lukashenko «g‘o‘r siyosatchi» deb atagan Makron «Belarus prezidentligiga sobiq nomzodlardan biriga» haddan tashqari e'tibor qaratmoqda. «Ushbu sobiq nomzodning ayol ekani hisobga olinsa, Fransiya rahbari mamlakat muammolaridan tashqari, shaxsiy muammolarga ham duch kelishi mumkin», - dedi Lukashenko.

Bir kun oldin Le Journal du Dimanche gazetasiga bergan intervyusida Makron Belarusdagi vaziyatni demokratiya mantig‘ini tushuna olmaydigan avtoritar hukumat inqirozi, deb ta'rifladi. Shu munosabat bilan, uning fikriga ko‘ra, Lukashenko iste'foga chiqishi kerak. Fransiya rahbari 9 avgust kuni respublikada bo‘lib o‘tgan saylovlardan beri Belarusdagi norozilik aksiyalarida qatnashayotgan namoyishchilarga qoyil qolganini aytdi. «Har shanba yurish o‘tkazayotgan ayollar ayniqsa hurmatga sazovor», - deya qo‘shimcha qildi u.

Avgust oyining o‘rtalarida Makron Yevropa Ittifoqi Belarusdagi vaziyatni hal qilishda vositachi sifatida qatnashishga tayyorligini e'lon qildi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni respublikaning inqirozdan chiqishi uchun vaziyatni hal qilishda va muloqotda yordam berishga chaqirdi. 

Belarus MSK rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, Lukashenko saylovlarda 80 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya, MSKning ta'kidlashicha, 10 foizdan sal ko‘proq ovoz olgan. Uning shtabi Tixanovskaya 70 foizdan 80 foizgacha ovoz olganini aytib, ushbu xulosaga rozi bo‘lmadi.

23 sentabr kuni Lukashenkoning inauguratsiyasi Minskda oldindan e'lon qilinmagan holda yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Uni AQSh, Ukraina, Germaniya, Estoniya, Slovakiya, Chexiya, Litva, Kanada va Buyuk Britaniya kabi bir qator davlatlar tan olmadi. YeI ushbu jarayonning o‘zi ham, Lukashenkoning yangi muddati ham yetarli qonuniy asosga ega emasligini ma'lum qildi. 

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Belarusga qarshi sanksiyalarni qo‘llash uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga va'da berib, butun Yevroittifoqning obro‘si bunga bog‘liqligini ta'kidladi. Reuters xabariga ko‘ra, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya Belarus fuqarolariga saylovlar soxtalashtirilgani va tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik ishlatilgani uchun choralar ko‘rmoqchi. 

Top