20:44 / 28.09.2020
11681

Svetlana Aleksiyevich Belarusni tark etdi

Belaruslik yozuvchi Svetlana Aleksiyevich Belarusni tark etgan. Muvofiqlashtirish kengashi prezidiumi a'zosi bo‘lgan yozuvchi bugun, 28 sentabr kuni Germaniyaga uchib ketgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Yozuvchining yordamchisi Tatyana Tyurinaning aytishicha, Aleksiyevich Germaniyaga «adabiy ishlarga ko‘ra» ketgan. Ma'lum bo‘lishicha, yozuvchi Shvetsiyada kitob yarmarkasida qatnashadi va Italiyada unga mukofot topshiriladi. Yozuvchining yordamchisi uning Germaniyaga ketishi Belarus muxolifatining Muvofiqlashtirish kengashi vakillarining qo‘lga olinayotgani bilan bog‘liq emas.

«Bu uning hayot tarzi, sayohatlar u uchun odatiy hol. Shunchaki uzoq vaqt salomatligi sabab keta olmayotgandi. Uning qachon qaytishi Belarusdagi voqealar rivojiga bog‘liq», degan yozuvchining yordamchisi Tatyana Tyurina.

Yozuvchining «adabiy ishlar bilan» ketmagani ko‘pchilik manbalar tomonidan ta'kidlangan. Ma'lum bo‘lishicha, 72 yoshli yozuvchi o‘z xavfsizligini o‘ylab Berlinga yo‘l olgan. Shuningdek, u ikki oy oldin davolanish uchun Germaniyaga ketmoqchi bo‘lgani va bu «ketish»aynan davolanish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda.

El Pais nashri yozuvchi har yili yuzidagi asab tolalari shamollashi sabab davolanib turishini ma'lum qilgan. DW nashri Shvetsiyadagi Ersatz nashriyoti asoschisi Ula Vallin bilan bog‘lanib, Svetlana Aleksiyevich nega Germaniyaga ketganiga oydinlik kiritgan: «Ha, to‘g‘ri. U Berlinga stomatalog qabuliga ketgan. Unda anchadan buyon yonoqlari bilan bog‘liq muammo bor», degan Vallin. Ma'lumot uchun, Ersatz nashriyoti Aleksiyevichning kitoblarini 1990 yillardan buyon chop etib keladi.

2015 yilda adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Svetlana Aleksiyevich Belarusdagi saylovlardan buyon tanqidiy chiqishlar qilib keladi. Aleksiyevich Belarusda ozodlikda qolayotgan kam sonli muxolifatchilardan biri bo‘lib turibdi. U mamlakatdan chiqib ketmasligi haqida bir necha marta aytgan edi.

«Urushning yuzi», «So‘nggi guvohlar», «Chernobildagi ibodat» kabi asarlari muallifi bo‘lgan Svetlana Aleksiyevich oxirgi 33 yilda adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini olgan yagona rus tilida yozuvchi ijodkor hisoblanadi. Ungacha 1987 yilda Iosif Brodskiy Nobel mukofotini olgandi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top