12:06 / 28.09.2020
9918
Oliy sud uchun kurash. Trampning nomzodi Emi Barrett kim?

Donald Tramp AQSh Oliy sudi hay'ati a'zosi Rut Beyder Ginzburg vafotidan so‘ng bo‘shab qolgan o‘ringa mamlakatdagi yana bir taniqli sudya Emi Koni Barrett nomzodini ko‘rsatdi. Demokratlar Tramp hali saylanmay turib nomzod ko‘rsatishini tanqid qilishdi. Ginzburg ham o‘limi oldidan uning o‘rniga keladigan nomzodni saylovlarda g‘olib bo‘lgan prezident tanlashini istashini aytgan.

Reuters

Emi Barrett nomzodi Tramp tomonidan tanlanishi kutilmagan holat emas. Birinchidan, uni federal sudyalikka aynan Tramp tayinlagan, ikkinchidan, u chindan mamlakatda o‘z obro‘siga ega sudya. Uni ayniqsa dindorlar hurmat qilishadi. Ular 1973 yilda Oliy sud tomonidan qabul qilingan abort qilishga ruxsat beruvchi qaror aynan Barrett sabab o‘zgarishiga ham umid qilishadi. Agar Barrett Oliy sud hay'atidan o‘rin olsa, Tramp tomonidan tayinlangan uchinchi sudya bo‘ladi. Tramp 2017 yilda Nil Gorsachni, 2018 yilda Brett Kavanoni Oliy sud hay'ati a'zosi sifatida tayinlagan.

Tramp sudya Barrettni aynan Oliy sudda birorta o‘rin bo‘shab qolishini kutib «asrab kelgani» aytilmoqda. Ginzburgning vafoti bilan ana shu imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu Tramp uchun Oliy suddagi mavqeyini yanada oshirib olish imkoni degani edi. Chunki bu bilan u uchinchi marta mamlakatning oliy huquq tashkilotiga o‘z odamini qo‘ymoqda. Tramp uchun uning mag‘lubiyati taxmin qilinayotgan saylov oldidan bu juda yaxshi imkon bo‘ldi.

Jorj Vashington nomidagi huquq universiteti professori Jonatan Terlining aytishicha, immigratsiya va qurol olib yurishga bo‘lgan munosabati sabab Barrettni Oliy sudda xuddi Ginzburg kabi muqim o‘rin olishini ta'minlashi mumkin. Faqat Ginzburg kabi sudning chap qanotida emas, o‘ng qanotida. Uning fikricha, Ginzburg Oliy sud tarixidagi eng sodiq liberallardan biri bo‘lgan. Barrett xonim esa eng sodiq konservatorlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Oliy sudda yana bir konservatorning paydo bo‘lishi uning chiqaradigan qarorlariga va AQSh hayotidagi o‘n yillar davomida ta'siri seziluvchi qarorlar qabul qilinishida muhim rol o‘ynaydi. Bu ayniqsa konservatorlar uchun juda muhim. Ayniqsa abort qilish huquqi va tibbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunlar kabi muhim o‘zgarishlar qabul qilinishida.

Barrett bir jinsli nikohlarni yoqtirmasligi va abort qilishga qarshiligi bilan dindorlar orasida katta obro‘ga erishgan. Biroq noodatiy oriyentatsiya vakillari uni xushlashmaydi. Barrett xonim esa diniy qarashlari uning faoliyatiga ta'sir qilmasligini aytmoqda. U e'tiqodli katolik hisoblanadi.

Barrett xonim Indiana shtatida sobiq federal prokuror bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan birga yashaydi. Hozirda eri fermerlik bilan shug‘ullanadi. Oilaning 7 nafar farzandi bor. Bu oila ikki nafar haitilik bolani asrab olgan. Barrettning o‘zi ham serfarzand oiladan - u 8 bolali oilada o‘sgan.

Emi Barrettni juda aqlli ayol sifatida e'tirof etishadi. U Notr-Damdagi huquq oliygohini tamomlagach, Antonin Skaliya ofisida ishlagan. Mashhur konservator bo‘lgan Skaliya ham Oliy sudda ishlagan. Barrett ham Skaliya kabi konstitutsiyani xuddi uning mualliflari yozayotganda nazarda tutgan holat bo‘yicha tatbiq etish kerak deb hisoblaydi. Ya'ni, u konstitutsiyani «zamonga moslashtirish» xato deb aytadi.

Oliy sud uchun kurash

Barrett xonim o‘zi tamomlagan Notr-Dam huquq oliygohida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U bir necha marta yilning eng yaxshi o‘qituvchisi bo‘lgan. BBC bilan suhbatda uning o‘quvchilaridan biri Barrettning universitetdagi obro‘si katta bo‘lgani va talabalar uni tez-tez muhokama qilishganini aytadi. «Ko‘pchilik uni adolatli, intellektual va Konstitutsiyada yozilgan qonunlarga amal qiluvchi deb ta'riflaydi», degan Barrett xonimning sobiq o‘quvchisi.

Foto: EPA

Yana bir talaba esa boshqa fikrda. «Gap shundaki, u chindan ajoyib pedagog, lekin darslar davomida hech qachon siyosiy masalalarni ko‘tarmagan. Bu Oliy sud tizimi uchun yaxshi nomzod deb hisoblamayman», deydi u.

2017 yilda Tramp Barrettni 7-Chikago okrugining federal apellyatsiya sudyasi etib tayinlaydi. OAV uning ertalab soat 04:00 va 05:00 oralig‘ida uyg‘onishi-yu, uyidan ishxonasigacha 30 daqiqalik yo‘l ekanini ham aniqlagan. Universitetdagi o‘qituvchilardan biri Paolo Karotssa ham uni tong saharda oliygoh sportzalida ko‘rishini aytgan.

Karotssa Barrett xonimni talabaligidan bilgan inson sifatida fikr bildirdi. «Bizning jamiyatimiz (ya'ni huquqshunoslik jamiyati) ko‘pam katta emas. Shunday ekan, Emini inson sifatida ham yaxshi bilaman. U mehribon, yoqimli va juda-juda oddiy inson. Uni e'tiqodli bo‘lgani uchun har xil g‘oyalashtirilgan karikaturalarda gavdalantirishlaridan qo‘rqaman. Shunday bo‘lsa, juda og‘rinaman, axir uning qanchalik aqlli inson ekanini bilaman-da», degan Barrett xonim haqida hamkasbi.

Emi Barrettning e'tiqodli ekani uni allaqachon bir mojaroga aralashtirib qo‘ygan. Senator Dayenn Faynstayn Barrett bilan tortishib qolgach, sudyaning e'tiqodi uning faoliyatiga ta'sir ko‘rsatishini aytadi. «Miyangizda dogma bor» degan u. Bu gap huquq tizimidagilar orasida mashhur bo‘lib, memga aylangan. Hatto shunday yozuvli stakanlar sotuvga chiqarilgan.

Foto: EPA

Barrettning o‘zi diniy qarashlari faoliyatiga ta'sir qilmasligi haqida ko‘p gapirgan. Bundan tashqari, u a'zo bo‘lgan diniy tashkilotlardan biriga qarashli maktablarda faqat qarama-qarshi jins vakillari o‘zaro oila qurishi mumkinligi o‘rgatilishi ham Amerikadagi demokratlik iddaosidagi odamlar tanqidiga sabab bo‘lgan. Albatta, bu Barrettni tayinlash jarayonida ham o‘z ta'sirini o‘tkazsa kerak. Axir prezidentning tayinlashi yetarli emas, uning tayinlovini Kongress tasdiqlashi ham kerak. Bu lavozimga sudyalar butun umrga saylanadi, shu sabab 9 kishilik hay'atning har bir a'zosi jiddiy tekshiruvdan o‘tadi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top