14:43 / 28.09.2020
13520
UzAuto Motors: Qozog‘iston Bosh vaziri ikki mamlakat avtomobilsozligi yetakchilari bilan uchrashdi

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin Qustanay shahridagi “SariarkaAvtoProm” MChSh avtomobil zavodiga tashrif buyurdi.

Vazirlar Mahkamasi rahbari bu yil “O‘zavtosanoat” AJ bilan birgalikda Chevrolet ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan Qozog‘iston avtosobilsozligi yetakchisining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va salohiyati bilan tanishdi. 

Zavodga tashrifi davomida Mamin “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va “Gruppa kompaniy “Allyur” AJ direktorlar kengashi raisi Andrey Lavrentev bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar Qustanaydagi korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish imkoniyatlarini, shuningdek Qozog‘istonda “UzAuto Motors” AJ eksporti va savdo tarmog‘i rivojlanishi masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha hamkorlikning ehtimoliy istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakatning yirik mashinasozlari bir necha yillardan buyon yaqin hamkorlikda ekanliklari, bu bilan nafaqat o‘z salohiyatlarini, balki O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini ham o‘stirib borayotganliklari qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 28 martda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirlari ishtirokida “SariarkaAvtoProm” zavodida yangi “Chevrolet” avtomobillarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgandi.

Bir oy o‘tgach, mamlakatda ilk avtomobillarning sotuvi boshlangani ma'lum qilindi. Bugun esa, Qozog‘istondagi eng mashhur brend – “Ravon” misolida, Chevrolet Qozog‘istondagi talabgir avtomobillar reytingida dadil yuqorilab bormoqda.

“UzAuto Motors” AJ Matbuot xizmati

Top