15:53 / 29.09.2020
3622

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» magistral tarmoqlar nimstansiyalari bo‘yicha xalqaro tender natijalarini e'lon qildi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati magistral tarmoqlar nimstansiyalarini ta'mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender tanlovi natijalarini e'lon qildi.

Loyihaning moliyalashtirish manbayi Jahon banki bo‘lib, baholash valutasi AQSh dollari hisobida, xarid qilish usuli esa xalqaro tanlov savdolari etib belgilangan.

Tender tanlovida «O‘zelektroapparat-Elektroshchit» aksiyadorlik jamiyati 25 992 770.47 dollarlik taklif bilan g‘alaba qozondi.

Tenderda komissiya tomonidan baholangan 6 ta kompaniyaning 3tasi 20 mln dollardan kam taklif bergan va ularning takliflari mavjud shartlardagi texnik talablariga to‘liq javob bermagani (muvofiq emas deb topilgani) bois narx taklifi tegishli tartibda rad etilgan. Ular: SUMEC Complete Equipment & Engineering Co., Ltd, Sinohydro Corporation Limited va «NPP Bresler».

Bundan tashqari Grid Solutions SAS Branch in Latvia 20,2 mln yevro, China Machinery Engineering Corporation esa 38,5 mln dollarlik taklif bergan.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, «O‘zelektroapparat-Elektroshchit» aksiyadorlik jamiyatining 80 foiz aksiyasi Toshelectroapparat MChJ XKga, 18,9 foizi GK Elektroshit-TM Samara kompaniyasiga, 1,1 foizi jismoniy shaxslarga taalluqli. Toshelectroapparat MChJ XK esa to‘lig‘icha chet el kompaniyalariga — 75 foizi Tanotraden AG (Shveytsariya) hamda 25 foizi Comagra Commerz & Agrar-Handel AG (Shveytsariya) kompaniyalariga tegishli.

Top