09:20 / 29.09.2020
6147

Qoraqalpog‘istonda o‘g‘irlangan pullarning bir qismi tergovda qaytarildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 14 sentabr kuni soat 12:00da noma'lum shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “Jipek joli” ko‘chasida yashovchi 52 yoshli B.A.ning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u dam olish xonasida joylashgan seyfning ichidan jami 8 600 000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Qorao‘zak tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor qidiruv harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni voyaga yetmagan 16 yoshli A.Q. sodir etilganligi aniqlangan va jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.

Dastlabki tergov jarayonida A.Q.dan 2 300 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top