16:44 / 29.09.2020
124998
Toshkent viloyati bosh infeksionisti ishi: uni qamoqqa olish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva qamoqqa olinganiga ham 20 kundan oshdi. Yo‘ldoshevaning advokati u aybsizligini aytmoqda.

Voqealar rivojiga qisqacha nazar
Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva avgust oyida Kun.uz saytiga intervyu berib, pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirusga chalingan bemorlarni o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Keyinroq bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov o‘z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, G.Yo‘ldosheva asossiz ma'lumotlar tarqatayotganini aytdi. Biroq u mazkur kasalxona koronavirusga chalinganlarni davolagani va og‘ir pandemik vaziyatda kerakli tibbiy texnika vositalari bilan ta'minlanmagani borasida aytilgan iddaolarga yetarlicha izoh bermadi (Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov va Guljahon Yo‘ldosheva o‘rtasida shifoxonaga kislorod apparatlari yetkazish bilan bog‘liq nizo bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqalgan edi).

OAVdagi chiqishdan so‘ng Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ketma-ket tekshirishlar yuborilgan, jumladan ijobiy yakun topgan avvalgi (aynan G.Yo‘ldosheva mazkur shifoxonada amaliyotini olib borgan davr mobaynidagi) tekshiruvlar natijalari qaytadan tekshirilgan (tekshiruvlar ro‘yxati tahririyatda mavjud).   

8 sentabr kuni Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, G.Yo‘ldosheva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma'lum qildi.  

Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati JIB Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Advokat: «G.Yo‘ldosheva F.Rustamovning o‘limiga aloqador emas, davlat mablag‘larini talon-toroj qilmagan!»
Kun.uz tahririyati so‘nggi kunlarda muhokamalar markazida bo‘lib turgan ushbu masalaga yana bir bor e'tibor qaratishga qaror qildi. Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov tergov noxolis olib borilayotganini ta'kidlamoqda.

Xushnud Ahrorov

«G.Yo‘ldosheva F.Rustamovning o‘limiga aloqador bo‘lmasa-da, u nohaq ravishda jinoyat tashkilotchisi deb, Jinoyat kodeksining 207-moddasidagi jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. G.Yo‘ldoshevaga qo‘yilgan ayblovni mutlaqo asossiz deb hisoblayman. Chunki marhum F.Rustamovni yuqumli kasalliklar shifoxonasidan to‘liq tuzalgan, deb topib, uni ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga jo‘natgan vrach ­­– himoyam ostidagi G.Yo‘ldosheva emas, balki boshqa bir shifokor Sh.Ro‘zmetov bo‘ladi.

G.Yo‘ldosheva bemor boshqa shifoxonaga o‘tkazilayotgan paytda kasalxonada bo‘lmagan. Marhum F.Rustamov vrach Sh.Ro‘zmetovning o‘zboshimchaligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining telefon orqali undovlari natijasida ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga jo‘natib yuborilgan. Kasallik varaqasida aynan Sh.Ro‘zmetovning imzosi turibdi. Bu holatlar prokuratura organlariga juda yaxshi ma'lum bo‘lishi kerak, chunki marhum F.Rustamovning kasallik tarixi tergov organi tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan va jinoyat ishi hujjatlariga tikilgan. Shu ma'lumotga ega bo‘la turib, himoyam ostidagi G.Yo‘ldoshevani jinoyatda ayblash, albatta, Chirchiq shahar prokuratura organlarining xolis va beg‘arazligiga shubha uyg‘otadi», deydi u.

U G.Yo‘ldoshevaning 250,8 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani haqidagi, hali tasdig‘ini topmagan ayblovlarga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Tergov organi 250,8 mln so‘mni COVID-19 bilan kasallanganlarni davolash uchun xizmat qilgan tibbiyot xodimlariga 6 foizlik maxsus to‘lovni to‘lash uchun yo‘naltirilganini inobatga olmay, G.Yo‘ldoshevaga nisbatan juda ko‘p miqdordagi davlat mablag‘larini talon-toroj qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish ayblovini qo‘yayotgani kurakda turmaydigan harakatdan boshqa narsa emas. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosada ham ushbu mablag‘lar tibbiyot xodimlariga to‘langani aytilgan. Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi ma'muriyati tomonidan sog‘liqni saqlash boshqarmasiga to‘lov to‘lab berilishi bo‘yicha bir necha bor murojaatlar qilingan bo‘lsa-da, bu murojaatlar javobsiz qolgan. Xatlariga javob ololmagan G.Yo‘ldosheva yuqoridagi mablag‘ni tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflagan, ammo talon-toroj qilmagan», deydi u.

Advokat olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlarida xolislik ta'minlanmayotgani va aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmayotganiga ham e'tibor qaratdi.

«Dastlabki tergov Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan noxolis olib borilyapti, degan fikrdaman. Negaki, himoyam ostidagi shaxsga hali sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi chiqmay turib, dastlabki tergov hali boshlang‘ich bosqichda bo‘lgan bir davrda Chirchiq shahar prokurori OAVda chiqish qilib, qonunchilikka zid tarzda G.Yo‘ldoshevaning jinoyat sodir etganini bir necha bor ta'kidlagan va bu bilan aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini qo‘pol ravishda buzgan. Bu bilan prokuratura organlari sudga bosim o‘tkazmoqchi yoki o‘zlarining asossiz ayblovlarini o‘z kuchida qoldirmoqchi», deydi u.

Advokat dastlabki tergovda xolislikni ta'minlashga erishish maqsadida tergovni Bosh prokuraturaga o‘tkazishni so‘rab ariza yozganini ma'lum qildi.

«Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi» (Jinoyat protsessual kodeksi, 23-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi)

«Qarori qat'iy» prokuror yoxud aybsizlik prezumpsiyasining toptalishi
Tergov organi (shaxsan prokuror) qonundagi bu qat'iy normani buzib o‘tgani rost. Bosh shifokor hibsga olingani shov-shuv bo‘layotgan bir paytda Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov OAV orqali chiqish qilib, hali aybi to‘la isbotlanmagan G.Yo‘ldosheva aybdorligi haqidagi qat'iy fikrlarini ilgari surdi. Prokurorning so‘zlariga diqqat qilarkanmiz, u xuddi bo‘lib o‘tgan ishlarning tepasida turgandek, hammasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, guvohi bo‘lgandek yuksak ishonch bilan gapirayotganini ko‘ramiz. Qiziq, prokurorning bu kabi «ilhomlanishi» ortida nimalar yoki qanday kuchlar yotibdi ekan?..

Xabar.uz nashri ham shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan ushbu masalaga e'tibor qaratib, taniqli advokat Usmonxon Salohiddinovning bu boradagi fikrlarini ommaga havola qildi.

«...Prokuror janoblari mazkur intervyusida amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga zid ravishda, hali tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ma'lumotlarini oshkor qilishi o‘z-o‘zidan savol tug‘diradi: Jinoyat ishi dastlabki bosqichda ekanini tan olgan prokuror ayblov sudda nafaqat tasdiqlanishi, balki dalillar rad etilishi ham mumkinligini bilmaydimi yoki bila turib, qonunga zid tarzda bo‘lsa-da jamoat fikrini shakllantirishni, shu orqali sudga ta'sir o‘tkazishni maqsad qilganmi?», deydi advokat Usmonxon Salohiddinov.

Kun.uz tahririyatida G.Yo‘ldosheva va Toshkent viloyati ruhiy-nevrologik dispanseri bosh shifokori Feruza Shonosirova o‘rtasida 2020 yilning 5 avgust kuni soat 22:02da bo‘lib o‘tgan, 34 daqiqa davom etgan telefon so‘zlashuvi yozuvi mavjud bo‘lib, unda ikki bosh shifokor o‘rtasida marhum F.Rustamovning yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ruhiy-nevrologik shifoxonaga o‘tkazilishi borasida kelishuv bo‘lmagani, balki reanimatsiya bo‘limi xodimlari G.Yo‘ldoshevaning ruxsatisiz bemorni ko‘chirishgani anglashiladi. Qolaversa, ruhiy-nevrologik shifoxona xodimlari bosh shifokor ruxsatisiz qanday qilib bemorni qabul qilgani ham jumboq bo‘lib qolmoqda. Kimning topshirig‘i bemorning ko‘chirilishiga asosiy turtki bo‘lgan?

Mulohaza uchun ba'zi misollar
Xolislikni saqlagan holda e'tiboringizni quyidagi ma'lumotlarga qaratmoqchimiz:

  • Qashqadaryoda SEOM rahbarlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 917,8 million so‘m;
  • Namangan viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 248,9 mln so‘m;
  • Buxoroda inqirozga qarshi jamg‘armaning mablag‘larini talon-toroj qilingani aniqlandi – zarar miqdori 202 mln so‘m;
  • Navoiy viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 509 mln so‘m;
  • Mehr-shafqat fondi mansabdorlari xayriyadan yig‘ilgan mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlandi – 2,8 mlrd so‘m;
  • Andijon SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi – zarar miqdori 160 mln so‘m.

Mazkur o‘zlashtirilgan summalar hajmi ham jinoyat qonunchiligi bo‘yicha «juda ko‘p miqdor» degan kriteriyga mos tushadi.

E'tiborlisi, bu jinoyatlarda talon-toroj qilingan mablag‘lar qasddan, ko‘r-ko‘rona va egri yo‘llar orqali o‘zlashtirilgan, G.Yo‘ldosheva bilan bo‘lgani kabi xodimlarga ish haqi va ustama sifatida to‘langan emas. Biroq, sanalgan birorta holatda tegishli tergov organlari ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlamagan (Bosh prokuraturaning huquqiy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i H.Shamsutdinov buni qisman tasdiqladi. Yuqorida biz sanab o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha ayblanuvchilarning jinsi va ularga nisbatan tanlangan ehtiyot choralari haqida ma'lumot olishga oid so‘rovimiz javobsiz qoldi. H.Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, juda ko‘p miqdordagi o‘zlashtirish va talon-toroj qilish bilan bog‘liq mazkur jinoyat ishlarida ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zarar o‘rni qoplab qo‘yilgani sababli ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanmagan).

G.Yo‘ldosheva qanday jinoyat sodir qilgan?
U budjetdan ajratilgan mablag‘ni prezident qaroriga tayanib, Covid-19’ga qarshi kurashayotgan qo‘l ostidagi tibbiyot xodimlariga ish haqi, ustama va mukofot puli tarzida to‘lab bergan. G.Yo‘ldosheva bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yubormagan.

Unga qo‘yilayotgan yana biri ayblov – Covid-19’ga chalinib, kasalxonada davolanayotgan va hali tuzalmagan fuqaro ruhiy asab kasalliklari shifoxonasiga o‘tkazilishi natijasida vafot etganiga sababchi bo‘ldi, deb topilishi.

Bugunga kelib Covid-19 yuqtirib olishi natijasida vafot etganlar soni rasman 450dan oshdi, bu raqam rasmiy statistikadagidan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin. Lekin vafot etganlarning qay holda o‘lim topgani o‘rganilayotgani yo‘q, bu o‘limlar uchun biror shifokor yoki boshqa tibbiyot xodimi ayblanmadi. Ammo bu holatda...

Guljahon Yo‘ldosheva o‘zi kim? U kimning «dumini bosib oldi»?
O‘rganish davomida Guljahon Yo‘ldosheva shaxsi haqida ham biroz so‘rab-surishtirdik, u bilan birga o‘qigan, ishlagan, uni yaqindan taniganlar bilan suhbatlashdik. Deyarli bir xil javob – aksariyat G.Yo‘ldoshevani adolatsizlik va haqsizlikka murosasiz, haqiqatgo‘y, o‘z ishiga o‘ta talabchan inson deb ta'rifladi.

Bundan tashqari, G.Yo‘ldosheva boshqargan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar bosh shifoxonasi tibbiy xodimlari bilan suhbat qilish uchun yana bir bor Chirchiq shahrida bo‘ldik. Biz bilan suhbatda bo‘lgan shifoxona ichki dorixonasi provizori Nafisa To‘rayeva, bosh hamshira Zulfiya Mayusupova, ikkinchi bo‘lim katta hamshirasi Madina Yunusxo‘jayeva va statist Raya Kalmuratova bemor (marhum) F.Rustamov ruhiy kasalliklar dispanseriga bosh shifokor ruxsatisiz olib chiqib ketilganini aytishdi.

Mazkur tibbiy xodimlar shifoxona reanimatsiyasida o‘sha paytda bir kunda o‘nlab bemor yotgani, tibbiy personalning kuchi yetmay qolgani sababli boshqa bir shifoxona – Chirchiq shahar shifoxonasidan tibbiy personal jalb qilingani, F.Rustamov shifoxonaga yotqizilgan paytda uni aynan qo‘shni shifoxonadan yordamga chaqirilgan hamshira va shifokorlar nazorat qilganini aytishdi.

Katta hamshira Madina Yunusxo‘jayeva ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan F.Rustamovning ayanchli ahvolda, yalang‘och holda yerda yotgani aks etgan videoga munosabat bildirib, infeksion shifoxona tibbiy personalining bu holatga aloqasi yo‘qligini, zero o‘sha kunlari bu bemorga ular qaramagani, bemor  nega bu ahvolga solingani tekshirilmayotgani, videotasvir qachon, kim tomonidan va nima maqsadda olingani, holat qaysi xodimlarning navbatchiligida bo‘lgani, kim tarqatgani tekshirilsa, haqiqat yuzaga chiqishi mumkinligini aytmoqda.

«Biz uni shu ahvolga solganimizda, videoga olib o‘zimizning aybimizni oshkor qilarmidik? Buni uyushtirishgan deb hisoblayman. Biz oilalarimizni tashlab bu yerga bemorlarni qiynab, video olish uchun kelmaganmiz. Nega bosh shifokorni ayblashdi? Har bir bo‘limning o‘z javobgar shaxsi bo‘ladi, xususan reanimatsiya bo‘limining ham. O‘shanda to‘rt bo‘limda 152 nafar bemor yotgandi, hammasini bosh shifokor nazoratga olib turolmaydi-ku! Bosh shifokor 24 soat davomida bemorning tepasida turmagan. G.Yo‘ldosheva F.Rustamov boshqa muassasaga ko‘chirilganidan bexabar qolgan edi», deya ta'kidladi katta hamshira M.Yunusxo‘jayeva (ushbu xodimlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat yozuvi tahririyatda bor).

Surishtiruvlarni davom ettirar ekanmiz, ko‘nglimizga allanechuk xayollar keldi. «Otning o‘limi itning bayrami» deganlaridek, butun mamlakat noma'lum virus bilan olishayotgan bir vaqtda ne-ne olg‘irlar o‘z vakolatlaridan «foydalanib», davlatning mislsiz pullarini o‘marganiga guvohmiz. Ba'zisi qamaldi, ba'zisi – yo‘q. Qanchadir inson virusdan vafot etdi. Biroq, buning uchun birov shifokorning yoqasidan olmadi.

Faqatgina muammolarini oshkor qilishga jur'ati yetgan, rahbarlariga qarshi so‘z ayta olgan bosh shifokor, ne ajabki, zudlik bilan qamoqqa tashlandi. «Uning harakatlari qaysidir «qo‘li uzun» mansabdorga yoqmagan, bo‘lmasa, olti nafar voyaga yetmagan bolalarning onasi bu tariqa qamoqqa tashlanmagan bo‘lar edi. Aybi bo‘lsa qamamasdan ham tergov qilish mumkin emasmidi?», degan gumon ko‘pchilikning ko‘ngliga keldi.   

Shifokor, ayol va ona
G.Yo‘ldosheva yashagan xonadonda bo‘lib, uning oilaviy sharoiti bilan tanishdik. El qatori xonadon. Onam deya bo‘zlayotgan olti jonning ko‘zlari mudom eshikka termilgan – onaizorini kutishmoqda. Uch yoshli Sofiya va endigina ikkiga to‘lgan jajji Hayotbek bundan 20 kunlar avval onasining mehrisiz yashashni tasavvur ham qilib ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Endi esa ularning «ayam qachon keladilar?» degan savoli kishi qalbini o‘rtaydi.

Yana bir muhim jihat. Prokuror OAVga bergan intervyusida G.Yo‘ldosheva tergovdan yashirinib yurgani uchun qamoqqa olinganini aytgandi. Biroq u yashirinmagan, uning o‘zi ham Covid-19’ga chalinib, Toshkentdagi taqsimlash markazida davolanishda bo‘lgan. G.Yo‘ldosheva davolanayotgan chog‘ida tergovchi unga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar qilib, ruhiy holatini izidan chiqargan. G.Yo‘ldoshevaning toqati toq bo‘lib, to‘liq o‘ziga kelmasdan taqsimlash markazidan chiqqan. Chiqqani hamon qo‘lga olingan. 

Kun.uz’dan so‘ngso‘z o‘rnida
Xalq o‘laroq qanday sinovli kunlarga yuz tutib turganimizni barchamiz tushunib turibmiz. Covid-19 bilan zararlanganlarni davolashda bilim va tajribaga ega mutaxassislar qay darajada yetishmayotgani ham ma'lum bo‘lib qoldi – bunday shifokorlarning har biri hozir oltinga teng. Qolaversa, ertaga vaziyat qanday bo‘ladi – Yaratganga ayon.

Shifokor Guljahon Yo‘ldosheva ishini o‘rganish jarayonida ko‘z o‘ngimizda yuzaga kelgan manzara, garchi tergov va surishtiruv ishlari yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, ko‘plab jihatlari bilan ko‘pchilik qatori bizga ham g‘alati ko‘rindi. Negaligi yuqorida yozildi. Kun.uz tahririyati yurtdagi tahlikali epidemiologik vaziyatda bir qancha ko‘ngillilar qatorida shifokor G.Yo‘ldosheva «budjetga yetkazgan zarar» deb hisoblanayotgan summani qoplab berishga tayyorligini bildiradi.

So‘zimiz yakunida mamlakat ayollarining tom ma'nodagi rahnamosiga aylanib ulgurgan O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva, ayollarning huquqlarini himoya qilishga mas'ul bo‘lgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma'rufova hamda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovadan mazkur masalaga e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.      

Bu boradagi jurnalistik surishtiruvlar davom ettiriladi.

Dilshod Abduqodirov
Shokir Sharipov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top