12:06 / 29.09.2020
14412
Turkiy kengash Armaniston harbiylarini Ozarboyjonning bosib olingan hududlaridan olib chiqishga chaqirdi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) bosh kotibi Bog‘dod Amreyev Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashishi yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Foto: SalamNews

«Turkiy kengash bosh kotibi Bog‘dod Amreyev Ozarboyjon Respublikasining bosib olingan hududlaridagi qurolli to‘qnashuvlardan chuqur tashvishdaligini bildiradi.

Turkiy kengash xalqaro huquq ma'yorlari va tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va Tog‘li Qorabog‘ mojarosini Ozarboyjon Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro darajada tan olingan chegaralari daxlsizligi doirasida hal qilinishi muhimligini qayd etadi.

Shu munosabat bilan Turkiy kengash BMT Xavfsizlik kengashining 1993 yilda qabul qilingan rezolyutsiyasiga ko‘ra Armaniston Ozarboyjon Respublikasining bosib olingan hududlarini qaytarib berishi va bu hududlardan qurolli kuchlarini olib chiqishi kerakligi belgilab qo‘yilganini eslatgan.

Bosh kotib qurolli to‘qnashuvlar davomida insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan Ozarboyjon xalqiga hamdardlik bildiradi va jarohatlanganlar tezroq sog‘ayib ketishini tilaydi», deya tashkilot bayonotidan iqtibos keltirgan SalamNews sayti.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida harbiy ziddiyat yana keskinlashdi. Ikki mamlakatda ham harbiy holat e'lon qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini bildirib o‘tdi. Turkiya va Afg‘oniston bu mojaroda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashni bildirgan.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top