22:10 / 30.09.2020
3693
«Dunyo dahshatli voqeaga guvoh bo‘ldi» – BMT bosh kotibi koronavirus qurbonlari million nafardan oshganiga munosabat bildirdi
Foto: Reuters

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirus qurbonlari soni million nafardan oshgani haqida gapirar ekan buni dahshatli holat deb atadi.

«Dunyo dahshatli voqeaga guvoh bo‘ldi: koronavirus million nafar odamning umriga zomin bo‘ldi. Bu juda katta raqam. Ularning otalari, onalari, erlari, xotinlari, aka-ukalari, yaqinlari bor edi. Hech bir taqdirni befarq qoldirmasligimiz kerak.

Kasallik odamlarni bir-biridan uzoqlashtirib qo‘ydi. Xursandchilikda ham, motamda ham birga bo‘lish imkonsiz bo‘lib qoldi. Eng yomoni – yaqinlarimiz olamdan o‘tayotganda qo‘llarini o‘pib, «sizni yaxshi ko‘raman» deb vidolasha olmayapmiz.

Biz bu sinovni yenga olamiz. Bu uchun xatolarimizdan xulosa chiqarishimiz kerak. Hozir yetakchilik mas'uliyati juda muhim. Fan va hamkorlik ham muhim. Vaksina ustida – barcha foydalana oladigan vaksina ustida izlanishlar davom etmoqda. Ungacha hayotimizni asraylik: niqob taqaylik, masofani saqlaylik, qo‘limizni yuvaylik. Shundog‘am ko‘pchilikni yo‘qotdik...», dedi BMT bosh kotibi Twitter'dagi sahifasida e'lon qilgan videomurojaatida.

Ma'lumot uchun, 28 sentabr kuni butun dunyoda koronavirus qurbonlari soni 1 million nafardan oshdi. Ayni damda Worldometers ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda 33 million 978 mingdan ko‘proq odam koronavirus yuqtirgan. Virus 1 million 14 ming 886 kishining umriga zomin bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top