21:34 / 30.09.2020
3197
Nizomiy nomidagi universitet: "Sud tomonidan ishga tiklangan xodimga Xo‘jayli tumanida ish taklif qilingan"

Kun.uz saytida MIB matbuot xizmati tomonidan taqdim qilingan “Nizomiy nomidagi universitetdan sobiq xodimga 37,7 mln so‘m undirildi” nomli xabar e'lon qilingan, unda universitetning sobiq xodimiga 37 700 000 so‘m pul mablag‘lari qarzdor OTMdan undirilib, fuqaroning hisob raqamiga o‘tkazib berilgani bildirilgandi. Uchtepa tumanlararo sudining sobiq xodimni Toshkent davlat pedagogika universitetiga avvalgi egallab turgan kafedra mudiri lavozimiga yoki universitetdagi unga teng boshqa lavozimga ishga tiklash to‘g‘risida ajrim ham kelib tushgani xabar qilingandi.

 Mazkur masala yuzasidan Nizomiy nomidagi universitet o‘z munosabatini bildirdi:

“Sobiq xodimni ishga tiklash maqolasi bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan munosabat: Joriy yilning 29 sentabr kuni MIB Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan Toshkent davlat pedagogika universitetiga Uchtepa tumanlararo sudining fuqaro Sh.Rahimovani avvalgi egallab turgan kafedra mudiri lavozimiga yoki universitetdagi unga teng boshqa lavozimga ishga tiklash to‘g‘risida ajrim kelib tushganligi hamda qarzdor OTMga ushbu ajrimning ijrosini ta'minlashni so‘rab xat berilganligi haqida maqola e'lon qilingan. Biroq qarzdor OTM tomonidan ushbu ijro hujjatini ijrosi ta'minlanmaganligi keltirilgan.

Ma'lum qilamizki, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan da'vogar Sh.Rahimovani avval egallab turgan kafedra mudiri lavozimi yoki universitet tizimida unga teng boshqa lavozim bilan ishga tiklash to‘g‘risidagi sudning ijro hujjati amalga oshirilgan. Ushbu holat to‘g‘risida universitet tomonidan Chilonzor tumani MIB bo‘limiga bir necha bora rasmiy xat yuborilgan.

Hozirgi paytda universitet rektorining 2020 yil 10 avgustdagi buyrug‘iga asosan mazkur kafedra mudiri sifatida ilmiy darajaga ega bo‘lgan I.Ilxamova faoliyat olib boradi. Ayni damda universitetning o‘zida ushbu lavozimga teng bo‘sh joylar mavjud emasligi sababli, Sh.Rahimova Toshkent davlat pedagogika universitetining Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-sonli “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berilgan va texnikum uning ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu lavozim oylik ish haqi va mavqei jihatdan universitet kafedra mudiri lavozimiga teng hisoblanadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2020 yil 20 avgustdagi hal qiluv qarorida va unga tushuntirish berish to‘g‘risidagi 2020 yil 3 sentyabrdagi Ajrimida Sh.Rahimovani universitetning Toshkent shahrida joylashgan strukturalarida kafedra mudiriga teng lavozimga ishga tiklash ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2020 yil 20 avgustdagi hal qiluv qaroriga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Appelyatsiya shikoyatini ko‘rish fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 2020 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Ushbu holat bo‘yicha universitet mas'ullari tomonidan Chilonzor tumani MIB bo‘limiga ma'lumot berilgan”, – deyiladi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rasmiy munosabatida.

Top