16:29 / 30.09.2020
9778

OChL chorakfinal prevyusi. «Paxtakor» Eronning eng kuchli klubiga qarshi

Bugun, 30 sentabr kuni O‘zbekiston chempioni «Paxtakor» klublar o‘rtasida qit'aning eng nufuzli turniri sanalmish Osiyo Chempionlar ligasi chorakfinali doirasida Eron chempioni «Persepolis»ga qarshi maydonga tushadi.

Foto: FC Pakhtakor

«Persepolis» qanday jamoa?

So‘nggi to‘rt mavsumdan buyon Eronning eng kuchli klubi nomini o‘zida saqlab kelayotgan «Persepolis» jamoasi oxirgi mavsumda ham mamlakat chempionatida eng yaqin ta'qibchisi «Istiqlol»ni 14 ochkoga ortda qoldirib, fors Pro ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«Persepolis» Eronning eng sovrindor klubi ham sanaladi. Tehronliklar 13 marta Eron chempionati, 6 bor Eron kubogi va 3 bor Eron Superkubogini qo‘lga kiritgan. Yakuniga yetgan mavsumda aynan ushbu jamoa chempionlikka erishdi. Jamoani bir necha yillar klubda o‘ynagan Yahyo Gulmuhammadi boshqarib kelmoqda.

Tehron klubi Osiyo chempionlar ligasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. «Qizil armiya» OChL doirasidagi so‘nggi 15 kunda o‘tkazgan 5 o‘yinida bor yo‘g‘i 1ta o‘yinda gol o‘tkazib, 4 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat qayd etgan.

«Persepolis»ning so‘nggi 5 o‘yini:

OChL. 15.09. Persepolis – Al-Tavuun – 1:0

OChL. 18.09. Al-Tavuun – Persepolis – 1:0

OChL. 21.09. Persepolis – Lahviya – 0:1

OChL. 24.09. Persepolis – Sharja – 4:0

OChL. 27.09. Persepolis – As-Sadd – 1:0.

Eron milliy jamoasi asosi

«Persepolis»ning «Paxtakor»ga o‘xshash jihati bu klub ham o‘z mamlakatining so‘nggi yillardagi tengsiz jamoasi sanaladi. Qolaversa, aynan poytaxt Tehron klubi safidan Eron milliy jamoasining aksariyat futbolchilari o‘rin olgan.

«Persepolis»ning Chempionlar Ligasi uchun futbolchilar ro‘yxati bilan tanishing:

Darvozabonlar: 34. Amirmuhammad Yusufi, 44. Bozidar Radosevich (Xorvatiya), 63. Amirhussayn Bayat, 81. Hamid Lak.

Himoyachilar: 3. Shojai Halilzoda, 4. Said Jalol Hussayni, 6. Muhammadhussayn Kanani, 15. Muhammad Ansari, 17. Mehdi Shiri, 28. Muhammad Nodiri, 38. Ehson Hussayni, 77. Said Og‘ayi, 88. Siamak Ne'mati.

Yarimhimoyachilar: 2. Omid Alishoh, 5. Bashar Resan (Iroq), 8. Ahmad Nurollohi, 11. Kamoliddin Kamyabinia, 14. Ehson Pahlavon, 18. Muhsin Rabixon, 19. Vohid Amiri, 23. Ali Shojayi, 26. Said Hussaynpur, 66. Milad Sarlak.

Hujumchilar: 16. Mehdi Abdi, 20. Amir Rustoyi, 25. Aria Barzegar, 36. Arman Ramazoni, 72. Iso Al-Kasir.

O‘zaro o‘yinlarda ustunlik kimda?

Toshkentning «Paxtakor» jamoasi ushbu raqib bilan OChLda 3 marta maydonga tushib, 2 g‘alaba va bir durangni qayd etgan. 2003 yil Anvar Soliyevning yagona goli g‘alaba keltirgan bo‘lsa, o‘tgan yili guruh bosqichida Tehronda 1:1 (Marat Bikmayev) va Toshkentda 1:0 (Igor Sergeyev) natijasi kuzatilgan. Xususan, o‘tgan mavsum poytaxtimizdagi bahsda Arveladze shogirdlari «Persepolis»ni minimal hisobda mag‘lub etishgandi.

Osiyo klublari musobaqalarida «Paxtakor» Eron jamoalari bilan 20 marta to‘qnash kelib, 14 o‘yinda zafar quchgan. Ikki o‘yinda durang qayd etilib, raqiblar 4 bor g‘alaba qozongan. Raqib darvozasiga 30 to‘p kiritilib, 17 gol o‘tkazib yuborilgan.

Diskvalifikatsiya

Raqib safida qizil kartochka olgani sababli himoyachi Siyomak Ne'mati maydonga tusha olmaydi. «Paxtakor»da esa diskvalifikatsiya tufayli yo‘qotish mavjud emas.

OChLda ilk marta VAR tizimi ishlaydi

«Paxtakor»ning Eron klubiga qarshi bir o‘yindan iborat pley-off bahsini iordaniyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Qayd etish joiz, chorakfinal bosqichidan boshlab o‘yinlarda VAR tizimi ham joriy qilinadi.

 «Persipolis» (Eron) - «Paxtakor»

Bosh hakam: Adham Muhammad Tumah Mahadmeh (Iordaniya)

Qanot hakamlari: Ahmad Muannas Nodi, Muhammad Mustafo Hassan Alkalaf (Iordaniya).

Zaxiradagi hakam: Ali Saboh Al Qaysi (Iroq).

VAR assistent: Hanna Hattob (Suriya).

Anons

OChL chorakfinal bahsi - «Persepolis» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 30 sentabr, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:45da Doxadagi «Jassim Bin Hamad» stadionida boshlanadi.

OChL. Chorakfinal. 30 sentabr (chorshanba)

«Persepolis» - «Paxtakor»

Qatar, Doha «Jassim bin Hamad» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 22:45

TV-translatsiya: «Sport».

Top