23:29 / 30.09.2020
7536

O‘qituvchilarni boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini qat'iy belgilash lozim - Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va muallimlarning hayotdagi nufuzi va mavqeyini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilashni taklif qildi.

«Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini o‘ylab, o‘qituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilashni taklif qilaman. Ushbu qonunda yoshlarga ta'lim va tarbiya berish jarayonida o‘qituvchilar o‘zlarining salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari kafolatlanishi kerak. Jumladan, maktab direktori, uning o‘rinbosari, sinf rahbari, o‘qituvchining maqomi aniq belgilanishi lozim.

O‘qituvchilarga ustamalar to‘lash, ularni rag‘batlantirish mezonlari ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Amalda bu masala o‘ta murakkabligi va ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilishi ham haqiqat. Bunda aksariyat eskirgan qonunosti hujjatlari qayta ko‘rib chiqilib, bekor qilinsa, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo‘lishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini qat'iy belgilash lozim», dedi davlat rahbari.

Prezident parlament a'zolaridan mahalliy kengashlarning maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan ko‘mak berishlarini so‘ragan va Oliy Majlis palatalari ikki oy muddatda umumta'lim maktablari bilan ishlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishlari maqsadga muvofiq bo‘lishini qayd etib o‘tgan.

Top