17:55 / 01.10.2020
6546
«Barselona» yangi himoyachisi transferini e'lon qildi

«Ayaks» himoyachisi Serjino Dest faoliyatini «Barselona»da davom ettiradi. Bu haqda kataloniyaliklar klubi rasmiy sayti xabar berdi.

Destning transferi qiymati 21 mln yevroni tashkil etgan, kelishuvga ko‘ra yana 5 mln yevro bonuslar ko‘rinishida tto‘lanishi mumkin. 19 yoshli futbolchining shartnomasi 2025 yilga qadar tuzilgan, unga 400 mln yevro miqdorida tovon puli belgilangan.

«Serjino Dest himoyachi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab sifatlarga ega: hujumga qo‘shiladi, yaxshi himoyalanadi, to‘pga ishonch bilan egalik qiladi va maydonda ijodkor. U bundan buyon bunday hunarlarini «Barsa» futbolkasida namoyish etadi, bu jasur yosh himoyachi uchun chaqiriqdir», deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Dest — «Ayaks» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va o‘ng qanot himoyachisi ampluasida harakatlanadi. U 2019 yilda amsterdamliklar safida debyut qilgan. O‘tgan mavsumda u 36 o‘yinda maydonga tushib, 2 gol urgan va 6 golga uzatma bergan. Serjino AQSh terma jamoasiga nomzod futbolchi bo‘lib, bu terma jamoada uch o‘yin o‘tkazgan.
 

Top