02:38 / 01.10.2020
3285
Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash tartibi tasdiqlandi
Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarori e'lon qilindi.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda talabgorning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Davlat tili bo‘yicha sinov imtihoni talabgorning doimiy yashash yoki vaqtincha turar joyi bo‘yicha Markaz yoki uning hududiy bo‘linmalarida o‘tkaziladi.

Sinov imtihonida davlat tilini bilish darajasini aniqlash davlat tilini bilishga qo‘yiladigan quyidagi minimal talablar asosida amalga oshiriladi:

Sinov imtihonida qatnashish uchun talabgor ariza bilan Markaz yoki uning hududiy bo‘linmalariga shaxsan o‘zi yoxud elektron tarzda quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli rangli, orka foni oq rangdagi 2 dona fotosurat;
  • to‘lov to‘langani to‘g‘risidagi kvitansiya.

Sinov imtihoni yuqoridagi hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng bir oy muddatda o‘tkaziladi.

Sinov imtihoni test, yozma va og‘zaki shakllarda o‘tkaziladi.

Sinov imtihoni yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizidan (50 balldan) kam ball olgan talabgor sinov imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun sinov imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin ariza (qayta to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi kvitansiya ilova qilingan holda) bilan murojaat qiladi.

Imtihon topshirish uchun to‘lov miqdori BHMning 20 foizi (44 ming 600 so‘m) etib belgilandi.

Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga davlat tilini bilish to‘g‘risidagi malaka sertifikati beriladi. Malaka sertifikati muddatsiz amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 13 mart kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunda fuqarolik berishda chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilish talabi belgilangan hamda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan edi.

Top