08:07 / 01.10.2020
3749

Hindistonda cheklovlarning navbatdagi yengillashtirilishiga o‘tilmoqda

Hindiston koronavirusdan kunlik kasallanish sur'atlari bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egallayotganiga qaramay, mamlakatda mart oyida kiritilgan karantin cheklovlarining navbatdagi - 5-bosqich yengillashtirilishiga o‘tilmoqda.  

Bu bosqich davomida 15 oktyabrdan maktablar va kollejlar, kinozallar va ko‘ngilochar bog‘lar ochilishiga ruxsat berildi. Biroq tashrifchilar soni 50 foizdan oshmasligi lozim.

“Masofadan o‘qish hamon amal qiladi. Maktablarga qatnash majburiy bo‘lmasligi va o‘quvchilar ota-onalari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi lozim”, deyilgan xabarda.

Biroq cheklovlarning yengillashtirilishi 65 yoshdan kattalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklarga ega odamlarga taalluqli bo‘lmaydi. Ularning koronavirusga chalinish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda harakatlanishi cheklanadi. Bunday hududlarda cheklovlar 31 oktyabrgacha saqlanib qoladi. 

Ayni vaqtda Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 6,2 mlndan, virusdan vafot etganlar soni esa 97 mingdan oshib ketdi. Mamlakat kunlik kasallanish sur'atlari bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni, jami kasallanganlar soni bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinni, o‘limlar soni bo‘yicha AQSh va Braziliyadan keyin 3-o‘rinni egallamoqda.

Top