02:50 / 01.10.2020
17514
Makron Putinga qo‘ng‘iroq qildi
Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar berildi.

Xabarda yozilishicha, tomonlar Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni muhokama qilishgan. Fransiya tomonining tashabbusi bilan amalga oshirilgan suhbatda tomonlar Tog‘li Qorabog‘dagi mojarolar borasida xavotirlarini bildirishgan. Har ikki prezident keng qamrovli qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish kerakligini ta'kidlagan.

Fransiya va Rossiya yetakchilari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkinligini bildirgan. Makron va Putin Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi a'zolari tomonidan (Rossiya, Fransiya va AQSh) Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chorlovchi murojaat yo‘llashga tayyorliklarini bildirishdi.

Shuningdek, Rossiya va Fransiya rahbarlari Belarusdagi prezidentlik saylovlarini ham muhokama qilishdi. Putin Rossiya Belarusning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlashini va holatga har qanday tashqi aralashuvni oqlamasligini bildirdi.

Ma'lumot uchun, 27 sentyabrdan buyon Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Top