12:09 / 01.10.2020
1017
O‘zbekiston elchisi Avstriya federal prezidenti bilan uchrashdi

2020 yilning 30 sentabr kuni Vena shahrida O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Abat Fayzullayev Avstriya Respublikasi Federal prezidenti Aleksandr Van der Bellenga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: TIV axborot xizmati

“Xofburg” saroyida bo‘lib o‘tgan marosimda mezbon mamlakat tomonidan Avstriya prezidentining tashqi siyosat va harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari, tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Suhbat davomida Aleksandr Van der Bellen avstriyaliklar O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan yuqori sur'atdagi o‘zgarishlar va keng ko‘lamli islohotlardan yaxshi xabardor ekanligini alohida ta'kidlab o‘tgan. 

Muloqotda O‘zbekiston-Avstriya munosabatlaridagi ijobiy o‘sish yuqori baholandi hamda savdo, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekistonning Avstriyadagi yangi elchisi Abat Fayzullayev 2020 yilning 19 avgustida ishonch yorliqlari nusxalarini Avstriya tashqi ishlar vazirligiga topshirgan edi. Diplomatik protokolga ko‘ra, u Avstriya prezidentiga ishonch yorliqlari asl nusxalarini topshirgan paytdan boshlab O‘zbekiston elchisi sifatida o‘z vazifasiga to‘liq kirishgan, deb hisoblanadi.

Top