08:05 / 01.10.2020
7019

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonga borishni rejalashtirgan fuqarolarga eslatma bilan chiqdi

PZR test natijalari bo‘lmagan taqdirda yoki klinik alomatlar mavjud bo‘lganda Qirg‘iziston hududiga kirish taqiqlanadi.

Foto: «XS Online»

O‘zbekistonning Bishkek shahridagi elchixonasi xabar berishicha, Qirg‘iziston hukumati qaroriga binoan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga so‘nggi 72 soat ichida o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi PZR tadqiqoti natijalari taqdim etilgandan so‘ng Qirg‘izistonga uchadigan samolyot bortiga chiqishga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Qirg‘iziston chegarasini avtomashinalarni o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tishda so‘nggi 120 soat ichida o‘tkazilgan COVID-19 uchun PZR testining salbiy natijalarini taqdim etishlari shart.

Tegishli test natijasining talab qilingan muddati obektiv sabablarga ko‘ra tugagan taqdirda, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar borgan joyida PZR sinovidan o‘tishlari shart.

PZR test natijalari bo‘lmagan taqdirda yoki klinik alomatlar mavjud bo‘lganda Qirg‘iziston hududiga kirish taqiqlanadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga Qirg‘iziston tomonining ushbu qarorini inobatga olishni tavsiya qilgan.

Top