07:55 / 01.10.2020
29231

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan va bu haqda TikTok'da xabar bergan haydovchi jarimaga tortildi

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan va bu haqda TikTok akkauntida xabar bergan haydovchi, Olmaliq hokimining o‘g‘li jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Tracker rusumli avtomobil haydovchisi – 20 yoshli Ismoilov Dilshod Usmon o‘g‘li Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida avariyaviy holatni yuzaga keltirgani sababli (videoga tushirilgan holat) O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-5 moddasi ikkinchi qismiga muvofiq jarimaga tortildi. Uning avtomobili jarima maydonchasiga joylandi.
 
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur haydovchi 2019 yilda 8ta huquqbuzarlik sodir etganligi qayd etilgan (“Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi”), 2020 yilda ham u tomondan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni 8tani tashkil etmoqda (xuddi o‘sha modda bo‘yicha, shulardan to‘rttasining jarimasi to‘langan).
 
“Hurmatli haydovchilar! Yo‘l harakati qoidalari sizning hayotingiz va sog‘lig‘ingizni asrash niyatida joriy etilgan. Qoidalar mensimasdan, qoidabuzarliklaringizni ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etishingiz bilan yoshlarga yomon o‘rnak bo‘lmoqdasiz – bu esa jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘z sog‘lig‘ingizni asrang. Yo‘l – o‘yingoh emas”, - deyiladi ma'lumotda.

Avvalroq, Olmaliq hokimining o‘g‘li Toshkentda 150 km/soat tezlikda avtomobil haydab, buni TikTok'ga joylagani xabar qilingandi

Mavzuga oid
Top