15:42 / 02.10.2020
64940

Namanganda majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kun.uz'ning aniqlashicha, MIB ayolni uyidan ko‘chirib chiqarishdan tashqari, uning foydasiga firibgardan 13 ming dollar undirishi ham kerak bo‘lgan, lekin mazkur ijro hujjati talabi hozirgacha ta'minlanmagan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Namangan shahrida majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.

Namangan shahar prokuraturasi tergovchisi Muzaffar Ismoilovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi JKning 103-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

35 yoshli ayol 29 sentabr kuni shaharning «Istiqbol» MFY Bog‘i Eram ko‘chasi 34-uydan uni majburan chiqarishga kelgan MIB xodimlariga norozilik sifatida, ularning oldida ustiga benzin sepib, o‘zini yoqib yuborgan, natijada tanasining 80 foizdan ortiq kuyish jarohati bilan 30 sentabr kuni RShTYoIM Namangan filialida vafot etgan edi.

Marhuma ayol firibgarlik qurboni bo‘lgan – uning onasiga uyni 13 ming dollarga aldab sotgan ayolga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan, uyning asl egasi esa mulk o‘ziga qaytarilishi uchun sudga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Kun.uz o‘z surishtiruvlarini boshladi. Aniqlangan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida undiruvchi – marhumaning onasi Muhabbat Dedeboyevaning foydasiga qarzdor N.F.dan 13 000 AQSh dollariga teng 131 991 470 so‘mni undirish to‘g‘risida ijro hujjati mavjud bo‘lgan. Ammo mazkur ijro hujjati ijrosi bugunga qadar ta'minlanmagan.

Holat yuzasidan jurnalistik surishtiruvlar davom ettiriladi.

Top