19:44 / 02.10.2020
69164

Olmaliq hokimining o‘g‘li ham ishtirok etgani taxmin qilingan ommaviy mushtlashuv videosi tarqaldi

Bloger Nikita Makarenko telegramdagi kanaliga Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li Dilshod Ismoilov ekani taxmin qilingan shaxs ishtirokidagi ommaviy mushtlashuv aks etgan videoni joylashtirdi.

Bloger videodagi yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiygan yigit 20 yoshli Dilshod Ismoilov bo‘lishi mumkinligi va uning qo‘lida qurolga o‘xshash jism borligiga e'tibor qaratgan.

Toshkent shahar IIBB saytida joriy yilning 11 iyun kuni joylashtirilgan ma'lumotda 8 iyun kuni Yakkasaroy tumanida bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik holati sodir etilgani, ushbu holat yuzasidan Dilshod.I (20 yosh), Mirsobit (20 yosh), Elmurod (19 yosh) va Humoyun (19 yosh) ismli shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.

Bloger o‘z sahifasida joylangan video 56 yoshli ota va uning 30 yoshli o‘g‘li tan jarohati olishiga sabab bo‘lgan mazkur hodisa vaqtida tasvirga olingan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Avvalroq, Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Ismoilov Toshkent shahri bo‘ylab avtotransport vositasida katta tezlikda harakatlanib, bu jarayonni tasvirga olgan va buni TikTok servisidagi sahifasiga joylagani shov-shuv bo‘lgandi

Keyinroq yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun Dilshod Ismoilov jarimaga tortildi

2019 yil avgustidan buyon Olmaliq shahriga hokimlik qilib kelayotgan Usmon Rahimov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda video to‘rt-besh oy muqaddam tasvirga olingani va o‘shandan buyon o‘g‘liga rulga o‘tirishni taqiqlaganini ma'lum qilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur haydovchi 2019 yilda 8ta huquqbuzarlik sodir etgani qayd etilgan («Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi»), 2020 yilda ham u tomondan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni 8tani (bular ham tezlikni oshirish bilan bog‘liq) tashkil etmoqda.

Top