20:00 / 02.10.2020
1670
O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llanma chiqarildi

2 oktabr kuni Toshkentda «Odam savdosiga qarshi kurashish yo‘lida sheriklik» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu anjuman «Odam savdosiga qarshi kurashish: 2015-2020 yillar» nomli Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturining yakunlariga bag‘ishlandi.

Tadbir inson huquqlari milliy markazi tomonidan Xalq ta'limi vazirligi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (YuSAID) va migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, O‘zbekistonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning Jyenevadagi vakilligidagi doimiy vakolatxonasi vakili Ulug‘bek Lapasov, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum, migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, missiya rahbari Zeynal Gadjiyev onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladilar.

Davra suhbatiga migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekiston bo‘yicha menejyeri Sanjarbek Toshboyev moderatorlik qildi. Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek «Istiqbolli avlod» Respublika ijtimoiy-axborot markazi hamda «Barqaror hayot» xalqaro ijtimoiy-ma'rifiy markazi ekspertlarining ma'ruzalari tinglandi.

Anjumanda dunyo bo‘ylab har yili millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanayotgani qayd etildi. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi aytildi. BMT ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda global miqyosda 40 milliondan ortiq kishi odam savdosining zamonaviy ko‘rinishlaridan aziyat chekmoqda. Har yili yana 2,7 million kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurash yo‘nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani haqida to‘xtaldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha taklifi COVID-19 pandemiyasi sharoitida odam savdosi muammosini chuqurlashtirishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish uchun muhim ahamiyatga egaligi aytildi.

BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. 2019 yil Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiya tashkil etildi.

2020 yil 22 iyundagi prezident farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya va uning yo‘l xaritasida odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi belgilangandi. Shu asosda 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Davra suhbati yakunida yangi nashr – «Odam savdosiga qarshi kurashish» nomli qo‘llanmaning taqdimoti o‘tkazildi. Bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan ushbu kitob o‘zbek tilidagi muxtasar matn va rasm-bezakli shaklda tayyorlangan. Qo‘llanma BMT 75 yilligi hamda «Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish va uni bartaraf etish hamda uning uchun jazolash to‘g‘risida»gi Palermo protokolining 20 yilligi munosabati bilan chop etildi. Taqdimotda O‘zbekiston uchun Palermo protokoli talablarini bajarish muhim vazifalardan biri ekani aytildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz axborot xizmati

Top